Koreyadagi Uzbekistan IT Days

5 va 6-oktyabr kunlari Koreya Respublikasining Seul va Tegu shaharlarida Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi va Gyeongbuk Technopark bilan hamkorlikda IT Park tomonidan tashkil etilgan Uzbekistan IT Days konferensiyalari boʻlib oʻtdi.

Seuldagi tadbir elchixona hududida boʻlib oʻtdi va Koreya IT-kompaniyalarining 50 dan ortiq vakillarini jamladi. Ularga Markaziy Osiyo bozoriga chiqish va Oʻzbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilish orqali oʻz biznesini kengaytirish imkoniyatlari haqida soʻzlab berildi.

IT Park vakillari Oʻzbekiston IT-ekotizimini taqdim etib, bozorga chiqish, Oʻzbekistondan turib autsorsing va autstaffing xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatlari haqida gapirib berishdi. Shuningdek, IT Park tomonidan xorijiy kompaniyalarga taqdim etilayotgan yordam, jumladan soliq imtiyozlari, vakolatxona ochishda koʻmaklashish va Oʻzbekistondan IT-xizmatlar eksportini qoʻllab-quvvatlash haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Gyeongbuk Technoparkining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish markazi direktori Kim Yang Jin IT Park bilan hamkorlik tajribasi, xususan, oʻzbekistonlik hamkorlar bilan ishlashning oʻziga xos jihatlari, mamlakat IT sohasidagi jadal oʻzgarishlar haqida gapirdi. Shuningdek, u Gyeongbuk Technopark ICT Week Uzbekistan tadbirida ishtirok etish uchun oktyabr oyining ikkinchi yarmida Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarining 20 ga yaqin vakillaridan iborat delegatsiyaga rahbarlik qilishni rejalashtirayotgani haqida maʼlum qildi.

IT Park delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurgan Realsoft, FIDO-Biznes, APEX Tech, MAAB Innovation, Greatsoft rezident kompaniyalari vakillari ham taqdimotlar oʻtkazib, innovatsion yechimlar, loyihalar va Koreya kompaniyalari bilan hamkorlik imkoniyatlari haqida soʻz yuritdilar.

Tadbirlar yakunida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, unda oʻzbek kompaniyalari 30 dan ortiq Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan muzokaralar olib borishdi. Oʻzbekiston hududida dasturiy yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha turli buyurtmalar joylashtirish, 7 ta Janubiy Koreya kompaniyasining vakolatxonalarini ochish, shuningdek, turli yoʻnalishlarda yosh kadrlarni tayyorlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Mazkur tadbirda erishilgan kelishuvlar ikki davlat vakillari uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi va Koreya IT-kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga boʻlgan yuksak qiziqishi hamda oʻzbek kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari ifodasidir. Kelgusida Uzbekistan IT Days konferensiyasi har yili Seul va Janubiy Koreyaning boshqa shaharlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

2023-10-10