Litva vakillarining IT Park'ga tashrifi

2023-yilning 5-aprel kuni Litva Sanoatchilar konfederatsiyasi prezidenti janob Vidmantas Yanulyavichus, Litvaning Olmaotadagi Bosh konsuli janob Gvidas Kerushauskas va Litva Milliy avtomobil tashuvchilar uyushmasi prezidenti Romas Ostinskas IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurishdi.

Tashrifdan maqsad -  axborot texnologiyalari sohasida ta’lim va biznesni rivojlantirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat. 

Mehmonlarni IT Park direktorining raqamli taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Mahliyo Muksinova, Xalqaro aloqalar boʻyicha investitsiyalar boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova va Startap ekotizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirovlar kutib oldi. 

Mehmonlar IT Park faoliyati bilan tanishtirildi. Mahliyo Muksinova IT Park rezidentlik dasturi haqida gapirib, ta’lim sohasi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda IT-industriyasini rivojlantirishda IT Parkning o‘rni haqida ham gapirib o'tdi.

Uchrashuvda Vidmantas Yanulyavichus Litvada startap tizimi haqida ma’lumot berib, mamlakatda logistikani rivojlantirishga o'z e’tiborini qaratdi. Bundan tashqari, u Litva logistikasida ishlayotgan ikki mingga yaqin haydovchi Oʻzbekiston fuqarolari ekanligini  ham taʼkidladi

.

Vidmantas Yanulyavichus va Gvidas Kerushauskas O‘zbekistonda IT sohasi rivojlanishining dinamikasini ijobiy baholadi. Ular hukumat startap ekotizimini va umuman sanoatni rivojlantirish uchun to‘g‘ri yo‘nalishni tanlaganini ta’kidladilar. Litva Sanoatchilar konfederatsiyasi rahbari tomonidan taʼlim sohasi va “One million uzbek Coders”, “Coursera” taʼlim platformasi kabi loyihalar, shuningdek, "Arzon Apteka" kabi muvaffaqiyatli oʻzbek startapiga alohida qiziqish bildirildi. 

Muloqot ishtirokchilari Litvada va O‘zbekistonda fintech ekotizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha startap ekotizimini va logistika sektorini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba almashish uchun qoʻshma platforma yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

2023-04-06