2022-yilning 12-aprel kuni Bangladeshdagi Amerika xalqaro universiteti (AIUB) delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida AIUB vasiylar uyushmasi vakili, Dakka shahridan doktor Hasanul A.Hasan boshchiligidagi universitet vakillari IT Parkni ko‘zdan kechirishdi.
Universitet prorektori, fanlar doktori Karmen Zita Lamagna bilan kechgan suhbatimiz davomida u biz bilan mamlakat hamda IT Park haqidagi o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.
- Bu sizning O‘zbekistonga ilk tashrifiningiz, to‘g‘rimi?
— Ha. Ushbu safarimizni o‘tgan yil rejalashtirgan edik-u, o‘shanda o‘xshamay qolgandi. Mana nihoyat, shu yerdamiz.
- Qayer ko‘proq yodingizda qoldi?
— Qayerni ko‘rishga ulgurgan bo‘lsam, hamma yer yoqdi. Afsus, vaqtimiz juda oz.
Bilasizmi, sayohat oldidan erim bilan O‘zbekiston, poytaxtning diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumot qidirdik.
Osh Markazining internetdagi sur’atlari menda alohida taassurot qoldirdi. Shu yerda, albatta, palovni tatib ko‘rmoqchi bo‘ldim.
Bizning Bangladeshda masalliq va tayyorlash usuli bilan palovga o‘xshash biryani nomli taom mavjud. Lekin bu yerda palovning ochiq havoda, ulkan qozonda pishirilishini ta’riflashga til ojiz.
- Mamlakatning boshqa shaharlarida ham bo‘ldingizmi?
— Afsuski yo‘q. O‘zbekistonga birinchi tashrifimiz bo‘lgani uchun biz asosiy e’tiborni tadbir dasturi va tashriflarga qaratdik. Lekin biz bu yerga yana kelishni rejalashtirganmiz. Keyingi safarimizda boshqa shaharlarni, albatta, ziyorat qilamiz. Men muhtasham Samarqand, Buxoro va Xivaga borishni juda orzu qilaman. U yerdagi qadimiy arxitektura va madaniy yodgorliklarni ko‘rishni istardim.
O‘zbekiston – boy tarix va madaniyat tarannum etgan, qadimiy an’analar va zamonaviylik uyg‘unlashgan mamlakat.
Umuman olganda, O‘zbekiston shunchalik xilma-xil va serqirraki, unga oid hamma narsani ko‘rging keladi.
- Poytaxtimiz sizga yoqdimi?
— Juda! Toshkent o‘zining mehmondo‘stligi bilan hayratda qoldirdi. Yana shuni ta’kidlamoqchimanki, meni shahar tozaligi, hammayoq ko‘kalamzorligi, bog‘larning ko‘pligi, ayniqsa, quvontirdi.
Bangladesh rikshalar, skuter va mashinalarga to‘la - yo‘llar juda tartibsiz. Bu yerda esa yo‘llarda tartib bor.
- IT Park sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Ushbu kompaniyaning afzalliklari haqida ko‘p gapirish mumkin. IT Park menga yoqdi.
Avvalo, “START local & GO global” nomli logotip va shior haqida gapirmoqchiman. U o‘zida IT Park faoliyatini mujassam etgan. Negaki, shior va faoliyat bir-biriga to‘la mos keladi.
Kompaniya ish surati o‘zgacha. Men uchun IT Park misoli ko‘prik. U orzularni haqiqatga aylantirishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. IT Park mutaxassislar uchun imkoniyatlar yaratib, ularga biznes faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda yordam beradi.
Birinchi kuni majmua qurilishiga tashrif buyurdik. Hayratimni ifodalashga so‘z topa olmayman! Qanday qilib ikki yil ichida shunday ulkan bino qurish mumkin? O‘zbekistonning ajoyib quruvchilar bor ekan.
- Tashrif davomida ko‘plab Universitetlarda bo‘ldingiz, qaysi oliy ta’lim muassasasi sizda eng ko‘p taassurot qoldirdi?
— Barcha universitetlar bizda tassurot qoldirdi, har biri o‘ziga xos xususiyatga ega. Aksariyat universitetlarda kunduzgi ta’lim taklif qilinar ekan, abituriyent maktab bitiruvchisi bo‘lishi lozim (11 sinf). Shaxsan menda Astrum IT Akademiyasi o‘zgacha taassurot qoldirdi, negaki bu yerda o‘quv materiallari borasidagi yondashuv juda puxta o‘ylangan. Talabalar materiallarni tezroq o‘zlashtiradilar, kampusda o‘zaro muloqot qilish uchun qator imkoniyatlar mavjud va bu samarali kontseptsiya degan fikrdaman. Kampusning o‘zi ham menga yoqdi.
- IT Park bilan hamkorlik borasida qanday fikrdasiz?
— Biz O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda IT sohasini rivojlantirish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirmoqda. Ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Biz, Bangladeshdagi Amerika Xalqaro Universiteti vakillari, bu yo‘nalishda ko‘mak berish uchun tashrif buyurdik. Hozirda hamkorlik uchun bir qancha sohalarni ko‘zlamoqdamiz. Joriy yil oxirigacha BPO va dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohasida xizmatlar taqdim etuvchi, eksportga yo‘naltirilgan yangi kompaniya ochishni rejalashtirganmiz.
Bundan tashqari, biz joriy yilda O‘zbekistonda IT-akademiya, 2023-yilgacha esa IT-Universitet ochish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdik.
O‘zbekistonga hademay loyihalarimizni muhokama qilish va, albatta, mamlakatingizning diqqatga sazovor qadamjolariga ziyorat qilish uchun qaytamiz.
2022-04-21