IT-kompaniyalar xodimlari orasida korporativ madaniyatni mustahkamlash, strategik fikrlashni rivojlantirish va intellektual sport turlarini ommalashtirish maqsadida 3-may kuni “Digital.uz Chess Cup” shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan hamkorligida tashkil etildi.
“Digital.uz Chess Cup” — IT-mutaxassislar orasidagi eng kuchli strateglarni aniqlashga qaratilgan individual va jamoaviy yo‘nalishlardagi musobaqa. Turnir ishtirokchilarning mantiqiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish va tahliliy qobiliyatlarini namoyon etuvchi maydonga aylandi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov ishtirok etdilar.
Musobaqa ishtirokchilari orasida bosh direktorlar, rahbarlar, dasturchilar, tizim administratorlari, tahlilchilar va loyiha menejerlari bor. Bu esa intellektual raqobat va jamoaviy ruh uyg‘unlashgan noyob muhitni yaratadi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov o‘z nutqida shunday dedi:
“Bizning maqsadimiz nafaqat IT-biznesni rivojlantirish uchun qulay ekotizimni yaratish, balki kuchli, ahil mutaxassislar hamjamiyatini shakllantirishdir. “Digital.uz Chess Cup” musobaqasi intellektual sport turlarining rivojlanish va yangi yutuqlarga ilhomlantirishi, birlashtirishi va rag‘batlantirishining ajoyib namunasidir.”
Turnir Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida bo‘lib o‘tdi va IT Park rezidentlari hamda Raqamli Texnologiyalar Vazirligi tuzilmalaridan 59 ta jamoa va 118 nafar ishtirokchini birlashtirdi. Ular orasida raqamli transformatsiya, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, kiberxavfsizlik va mamlakatning IT-infratuzilmasini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bor.
Turnir sovrin jamg‘armasi
Birinchi o‘rinni Sirojiddin Masharipov egalladi. U “MacBook Pro” bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rinniJahongir Anasov qo‘lga kiritdi, unga “Xiaomi Navee S65” elektrosamokati topshirildi. Uchinchi o‘rinni Saidbek Qadamboyev egalladi, u “Samsung 65” smart-televizori bilan taqdirlandi.
Jamoaviy hisobda g‘oliblar quyidagicha o‘rin olishdi:
1-o‘rin — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi. Ular bosh sovrin — “Dyson Purifier Cool TP07” havo tozalagichini qo‘lga kiritishdi.
2-o‘rin — RPG Team jamoasi. Jamoa a’zolariga “DeLonghi ECAM” avtomatik qahva mashinasi topshirildi.
3-o‘rin — “Beeline” jamoasi. Ular “Samsung 65” smart-televizori bilan taqdirlandi.
Shaxmat — tafakkurni shakllantiruvchi o‘yin. “Digital.uz Chess Cup” turniri nafaqat sport musobaqasi, balki intellektual qadriyatlar va strategik yondashuv asosida O‘zbekiston IT-hamjamiyatini birlashtirgan raqamli madaniyatni rivojlantirishga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ldi.
2025-05-03