mGovAward tanlovining uchinchi toʻlqinidagi 7 ta eng yaxshi jamoa eʼlon qilindi
18-dekabr kuni “Aloqabank” binosida eng yaxshi mobil ilovani ishlab chiqish boʻyicha “mGov Award” tanlovining uchinchi toʻlqini doirasida tashkil etilgan “Demo Day” boʻlib oʻtdi. Tanlov IT Park, Raqamli texnologiyalar vazirligi va BAA hukumati koʻmagida oʻtkaziladi.
20 ta loyiha oʻz ilovalarini namoyish etishdi va ular quyidagi toʻrtta mezon boʻyicha baholandi:
- Ilovaning dolzarbligi;
- Loyiha natijalariga erishish;
- Foydalanuvchilar uchun qulaylik;
- Ilovaning toʻliqligi.
Tanlovining maqsadi — yoshlarning davlat bilan jamoaviy ishlash va mobil davlat xizmatlarini yaxshilash uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqishdagi ishtirokini ragʻbatlantirish. Yaratilgan yechimlarning eng yaxshilari davlat idoralarida amalga oshiriladi.
Umumiy sovrin qiymati $100 000 ni tashkil etadi va 3 ta sovrinli oʻrinlar orasida taqsimlanadi:
- 1 oʻrin — $50 000
- 2-oʻrin — $30 000
- 3-oʻrin — $20 000
20 ta ishtirokchi jamoalar BAA va Oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan oltita yoʻnalish boʻyicha oldindan tanlab olindi:
- Masofaviy taʼlim
- Inson resurslari va farovonlik
- Turizm salohiyatini oshirish
- Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash
- Tadbirkorlik va elektron tijorat imkoniyatlarini kengaytirish
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish
Musobaqa ishtirokchilari Oʻzbekiston va BAAʼning taniqli vakillari tomonidan sinchkovlik bilan baholandi.
Oʻzbekistonlik hakamlar hayʼati aʼzolari:
- Stiven Li — “Sturgeon Capital” kompaniyasining venchur hamkori;
- Abdul Sharopov — “Sarmo Labs” kompaniyasi bosh direktori, “AloqaVentures” maslahatchisi;
- Mirolim Abdullayev — “AloqaVentures” vakili;
- Raʼno Sidikova — Plug&Play Uzbekistan vakili.
BAAʼlik hakamlar hayʼati aʼzolari:
- Mushira Al-Zaruni — davlat xizmatlari samaradorligi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi;
- Amira Al-Ketbi — xizmat koʻrsatish kanallarini baholash boʻlimi boshligʻi;
- Anvar Yusuf — loyihaning katta menejeri.
Hakamlar hayʼatining baholash natijalariga koʻra, eng yaxshi 7 ta jamoa tanlab olindi va ulardan dastlabki uchtasi sovrinli oʻrinlarni egalladi:
- Drivesafe — uyquchanlik bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun video monitoring va ogohlantirishlardan foydalanadigan ilova.
- Guide me — sunʼiy intellekt asosida Oʻzbekistonning sayyohlik yoʻnalishlari va tarixiy shaxslari haqida maʼlumot beruvchi xizmat.
- Logo Smart — sunʼiy intellekt yordamida bolalar nutqidagi nuqsonlarni tuzatish uchun moʻljallangan innovatsion onlayn dastur.
- Maydonium — foydalanuvchilarga mos maydonchalar va vaqtni topishga, maydon egalariga esa yangi mijozlarni jalb qilishga yordam beradigan sport maydonchalarini bron qilish uchun onlayn-platforma.
- Milliy Pay — Rossiyadan Oʻzbekistonga tezkor pul oʻtkazmalari va xizmatlar uchun toʻlov xizmati.
- School of autism — autizm kasalligiga chalingan bolalarga tahsil olish, rivojlanish va muloqot qilishda yordam beradigan mobil ilova.
- Voltiva — qulay foydalanish va monetizatsiya uchun yagona dastur asosida quvvatlash stansiyalari, haydovchilar va uydagi quvvatlash qurilmalarini birlashtirish orqali elektromobillarni quvvatlash jarayonini osonlashtiradi.
Gʻoliblarni taqdirlash marosimi 2024-yil yanvar oyida boʻlib oʻtadi.