Sun’iy intellekt va startap ekotizimi — O‘zbekiston yangi iqtisodiyotining asosiy drayverlari. Xalqaro hamkorlik alohida o‘rin egallagan raqamli transformatsiya bo‘yicha milliy strategiya aynan ushbu sohalarni rivojlantirishga qaratilgan.

2025-yil oktyabr oyida O‘zbekiston bu yo‘nalishda muhim qadam qo‘ydi — Massachusets texnologiya institutida (MIT) “MIT Tech Leaders Lab” dasturi yakuniga yetdi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi va mamlakatning yetakchi raqamli ekotizim tuzilmalari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Delegatsiya tarkibiga Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK, shuningdek, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari kirdi.

Dastur 2025-yil 21–27-oktyabr kunlari innovatsion yetakchilik va tadbirkorlik sohasidagi dunyoning yetakchi markazlaridan biri hisoblangan “MIT Kuo Sharper Center for Prosperity and Entrepreneurship” markazida o‘tkazildi.
MIT Tech Leaders Lab: kelajak yetakchilari laboratoriyasi
“MIT Tech Leaders Lab” — dasturi strategik fikrlash, moslashuvchan yetakchilik va milliy innovatsion ekotizimni shakllantirishga tizimli yondashuvni rivojlantirishga qaratilgan noyob tashabbusdir.

Unda ishtirok etish O‘zbekistonning kadrlar salohiyati va raqamli yetakchiligini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Vazirlik va IT Park vakillari sun’iy intellekt, barqaror rivojlanish, tizimli innovatsiyalar va venchur ekotizimlariga oid mavzularni qamrab olgan akademik va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
“Bugun O‘zbekiston oldida raqamli davr yetakchilarining yangi avlodini tayyorlashdek strategik vazifa turibdi. Ular nafaqat moslashishga, balki mamlakatning innovatsion iqtisodiyotini shakllantirishga qodir bo‘lishlari lozim. “MIT Tech Leaders Lab” kabi dasturlar kelajakda jahon darajasidagi milliy texnologik loyihalarni ishga tushiradigan mutaxassislar shakllanadigan muhitni yaratadi,”
— dedi O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

MIT ekspert muhiti: nazariya amaliyot bilan uchrashadigan joy
Ta’lim MIT’ning yetakchi ekspertlari va Silikon vodiysi tadbirkorlari rahbarligida olib borildi:
Dina H. Sherif — “MIT Kuo Sharper” markazi ijrochi direktori, barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspert;
Ketlin Kennedi — “MIT Center for Collective Intelligence” direktori, sun’iy intellekt va tashkiliy strategiyalar bo‘yicha mutaxassis;
Nadiya Shalabi — “Pakira” asoschisi va bosh direktori, venchur investor;
Andrea Keyts — innovatsion iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchi, “From Stuck to Scale” kitobi muallifi;
Valeriya Budinich — tizimli innovatsiyalar tadqiqotchisi, “Ashoka” sobiq rahbari;
Shamil Ibragimov — MIT tadqiqotchisi, Markaziy Osiyoning innovatsion ekotizimlari haqidagi birinchi hisobot muallifi;
Ana Bakshi — “MIT Martin Trust Center” direktori, Oksford va “King’s College” tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim dasturlarining muallifi.
MIT ta’lim yo‘nalishi: ekotizimdan yetakchilikkacha
“MIT Tech Leaders Lab” dasturi innovatsion ekotizimlarning qurilishini o‘rganishdan boshlab, strategik va moslashuvchan yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishgacha bo‘lgan izchil yo‘l sifatida ishlab chiqilgan.

Birinchi qismda ishtirokchilar tadbirkorlikning inklyuziv o‘sish uchun qanday harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi mumkinligini muhokama qildilar, shuningdek, “MIT Sloan Ecosystem Framework” — universitetlar, biznes va davlat o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yondashuvini ko‘rib chiqdilar.
Keyin esa innovatsiyalarni rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmlariga o‘tildi. Bunda “Innovatsion iqtisodiyotda kapital” moduli doirasida venchur moliyalashtirish modellari va texnologik loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish usullari o‘rganildi.

Dastur davomida “Ekotizim o‘sishining yangi formulasi” sessiyasi o‘tkazildi. Unda innovatsiyalarni kengaytirish mexanizmlari, shuningdek, ta’lim va tadbirkorlik orqali kadrlar salohiyatini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, delegatsiya sun’iy intellekt va intellektual tashkilotlar mavzusiga chuqurroq kirib bordi. Bunda boshqaruv jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Dasturning yakuniy qismi moslashuvchan yetakchilik moduliga bag‘ishlandi. Unda tez o‘zgaruvchan texnologik dunyoda o‘zgarishlarni qanday boshqarish va barqarorlikni saqlash haqida so‘z yuritildi.
Dastur yakunida ishtirokchilar mahalliy resurslar, inson kapitali va global tendensiyalarni inobatga olgan holda O‘zbekistonning innovatsion ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z yo‘l xaritalarini ishlab chiqdilar.

“Inson kapitaliga e’tibor qaratish va O‘zbekistonning o‘z mutaxassislarini rivojlantirishga sarmoya kiritishga intilishi noyob va kuchli signal hisoblanadi. Har qanday mamlakat ham bunday ongli tanlovni amalga oshiravermaydi va aynan shu tanlov uzoq muddatli o‘zgarishlarga yo‘l ochadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aniq maqsadni — autsorsing modelidan o‘z innovatsion ekotizimiga o‘tishni ko‘rsatmoqda. Bu yo‘l vaqt, o‘rganish va qiyinchiliklarni yengish uchun jasorat talab qiladi, ammo mamlakatda eng muhimi — o‘z salohiyatiga bo‘lgan ishonch va yuksak maqsad yo‘lida harakat qilishga tayyor bo‘lgan mutaxassislar avlodi bor,”
— deya ta’kidladi “MIT Kuo Sharper Center for Prosperity and Entrepreneurship” ijrochi direktori Dina H. Sherif.

MIT innovatsion ekotizimiga professional tashriflar va integratsiya
Dasturning amaliy qismi Massachusets texnologiya instituti va Garvardning yetakchi tadqiqot va innovatsion markazlariga bir qator tashriflarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu delegatsiyaga AQShning innovatsion ekotizimi qanday tuzilganligini o‘rganish imkonini berdi.

Birinchi nuqta “MIT Martin Trust Center for Entrepreneurship” markazi bo‘ldi. U yerda ishtirokchilar MIT tadbirkorlarni tayyorlash modeli bilan tanishdilar: birgina so‘nggi 10 yil ichida markaz bitiruvdan so‘ng 2 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan 180 dan ortiq yetakchi startap jamoalarini qo‘llab-quvvatladi.

“MIT-IBM Watson AI Lab” laboratoriyasida delegatsiya korporativ tadqiqotlar olib borish tajribasini o‘rgandi. Bu yerda sun’iy intellekt sohasida 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda, ularning o‘nlab loyihalari allaqachon sanoat va ta’lim sohasiga joriy etilgan. Laboratoriya 50 dan ortiq patentga ega bo‘lib, akademiya va sanoat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning namunasi hisoblanadi.

“MIT Robotics and AI Institute” muassasasida delegatsiya “Boston Dynamics” bilan hamkorlikda yangi avlod robotlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlanmalarni o‘rgandi. Ushbu institut robototexnika va mobil manipulyatsiya sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish uchun tadqiqotchilar, muhandislar va tadbirkorlarni birlashtiradi.
So‘ngra ishtirokchilar “Harvard Innovation Labs” ekotizimiga tashrif buyurishdi. Bu tizim biotexnologiyalar, sun’iy intellekt va barqaror rivojlanish sohalarida 6000 dan ortiq loyiha va startaplarni qo‘llab-quvvatlagan.

Ushbu tashriflar AQShda tadqiqotlarni bozor mahsulotlariga aylantirish mexanizmlari qanday ishlayotganini bevosita o‘rganish imkonini berdi. Bu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etish rejalashtirilmoqda.
MIT va O‘zbekiston hamkorligining kelajagi
Dastur yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklik yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Hamkorlik imkoniyatlaridan biri “MIT Sandbox” platformasini mahalliylashtirish hisoblanadi. Mazkur dastur har yili 350 dan ortiq jamoa va har bir bosqichda 750 dan ziyod ishtirokchini jalb qiladi, startap g‘oyalari uchun 25 000 dollargacha bo‘lgan tanlovsiz moliyalashtirishni ta’minlaydi hamda mentorlik va tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim berishni o‘z ichiga oladi.
_1761890236.jpg)
Shuningdek, MIT ekotizimi negizida qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlari va tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish muhokama qilinmoqda. Bunda uchta ustuvor yo‘nalish — sun’iy intellekt, uchuvchisiz tizimlar/dronlar va sanoat avtomatlashtirish sohalari bo‘yicha “MIT-IBM Watson AI Lab” hamda Boston robototexnika hamjamiyati tajribasiga tayaniladi.

Bundan tashqari, akademik mobillik va ochiq ta’limga alohida e’tibor qaratilmoqda: o‘zbekistonlik mutaxassislarning MIT “Open Learning” dasturlarida ishtiroki, tadqiqotchilar almashinuvi va jamoalarni “Trust Center” tadbirkorlik kurslariga jalb etish rejalashtirilgan.
“IT Park Uzbekistan va MIT hamkorligi milliy ekotizimga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu bilimlar almashinuvini tezlashtirish, tadbirkorlik madaniyatini mustahkamlash va o‘zbekistonlik asoschilarga jahon miqyosida raqobatbardosh bo‘lish uchun sharoit yaratish imkonini beradi,”
— dedi IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov.
Mamlakat uchun natija: inson kapitaliga sarmoya
“MIT Tech Leaders Lab” dasturi O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlash va raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan tizimli transformatsiyalarning muhim qismiga aylandi. Olingan bilimlar va xalqaro aloqalar mamlakatga ma’lumotlar, innovatsiyalar va tadbirkorlik tafakkuriga asoslangan yangi boshqaruv madaniyatini shakllantirishga yordam beradi.

MIT bilan hamkorlik ilg‘or ta’lim va ilmiy-tadqiqot amaliyotlarini joriy etish, qo‘shma R&D-loyihalarini amalga oshirish hamda milliy salohiyatni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu harakatlar nafaqat malakali kadrlarni, balki texnologik g‘oyalarni barqaror yechimlarga aylantira oladigan yetakchilar avlodini shakllantirib, O‘zbekistonning global innovatsion xaritadagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi.
2025-10-31