Mobil robototexnika boʻyicha milliy terma jamoa yaratilmoqda

IT Parkʼning tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan “IT Park REwind” onlayn marafoni davomida IT Markazlar direktori, Nodir Alibekov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilni “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilganini taʼkidlab oʻtdi. Nodir Alibekovning soʻzlariga koʻra, bu ular uchun katta yutuq boʻldi va oʻz oldiga Oʻzbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlanishini yaxshilash va sifatli IT mutaxassislarni tayyorlash maqsadini qoʻydilar.

“Bizning asosiy maqsadimiz – sifatli kadrlar tayyorlash, bu yoʻlda biz ular uchun barcha infrastruktura va taʼlim imkoniyatlarini yaratamiz. Shu tufayli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining besh tashabbusi”da keltirilgan, aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishni koʻzda tutuvchi uchinchi tashabbusi doirasida, har bir hududda IT Park filiallarini, har bir tuman markazida esa IT Markazlarni ochmoqdamiz”, – dedi Nodir Alibekov.

Ayni damda Oʻzbekiston boʻylab allaqachon 32 ta IT Markaz ochildi. Nodir Alibekov, asosiy urgʻu infrastruktura emas, balki boʻlgʻusi kadrlarni tayyorlash uchun sifatli kontent yaratishga qaratilganini aytib oʻtdi.

Koʻpchilik bilsa kerak, statistika boʻyicha har yili jami abituriyentlardan faqatgina 10 foizi oliygohlarga kirishi mumkin, qolgan 90 foiz abituriyentlar esa bortdan tashqarida qoladi. Xuddi shu sababli Telegram tarmogʻida soʻrovnoma koʻrinishidagi chat-bot yaratildi. Uni har bir xohlovchi toʻldirishi mumkin va javoblardan kelib chiqib, biz Oʻzbekiston aholisi uchun IT sohasidagi eng talabgir yoʻnalishlarni aniqlashimiz mumkin”, – qoʻshimcha qildi Nodir Alibekov.

Bugungi kunda chat-bot orqali allaqachon 2000 ta ariza kelib tushdi, shulardan 20 foizi qizlar tomonidan yuborilgan. Har kuni oʻnlab insonlar IT Park hamda IT Markazlarda qanday IT kurslar mavjudligi, ularga qanday qilib qoʻshilish va roʻyxatdan oʻtish va umuman olganda qay tarzda oʻquv jarayonlaridan oʻtish haqida qiziqadilar.

“Biz chat-botga oʻz savollarini yuborgan har bir kishi bilan bogʻlanishga harakat qilamiz va ularni qiziqtirgan barcha savollarga javob beramiz”, – dedi Nodir Alibekov.

Shuningdek, itcenter.uz – IT Markazlarning rasmiy veb sayti bor boʻlib, unda barcha xohlovchilar IT Markazlar faoliyati va mavjud kurslar haqida batafsil maʼlumot olishlari mumkin

Nodir Alibekov pandemiya davrida IT Markazlar tomonidan onlayn darslar yaratilayotgani va bu haqda keyinroq eʼlon qilinishi haqida aytib oʻtdi. Biroq shu kunga qadar IT Markazlar allaqachon Tas-ix zonasida joylashgan 116 ta bepul videodars yaratdilar.

Videodarslar joylangan kanal Oʻzbekiston aholisi uchun bepul boʻlgan utube.uz videoxostingida joylashgan. Hattoki foydalanuvchi mobil telefon orqali kirganida ham, uning megabaytlari sarflanmaydi.

Nodir Alibekovning soʻzlariga koʻra, IT Markazlar shunday kadrlar tayyorlashlari kerakki, ular xalqaro konkurslarda nafaqat dasturlash yoki ishlab chiqish boʻyicha, balki jahon arenasida Oʻzbekistonning shuhratini yoygan holda kibersport va mobil robototexnika boʻyicha ham ishtirok etishlari lozim.

Oʻz soʻzini yakunlar ekan, Nodir Alibekov Oʻzbekiston Respublikasi axborot va kommunikatsion texnologiyalari vazirligi boshchiligida, “Artel Group” bilan hamkorlikda oʻtkaziluvchi mobil robototexnika boʻyicha “Future Skills Uzbekistan” milliy olimpiadasi haqida gapirdi va ushbu olimpiadaga roʻyxatdan oʻtish boshlanganini maʼlum qildi.

Ushbu olimpiada gʻoliblari kelgusidagi muvaffaqiyatlariga motivatsiya boʻluvchi katta pul yutuqlari egasiga aylanishlari mumkin.

Shuningdek, IT Markazlar “Artel Group” bilan hamkorlikda 2021-yilda Shanxayda boʻlib oʻtadigan xalqaro tanlovga robototexnika boʻyicha milliy terma jamoani tayyorlashni rejalashtirmoqda, deya xulosa sifatida aytib oʻtdi Nodir Alibekov.

Onlayn marafonga havola: https://www.youtube.com/watch?v=I2qtxfc25e4












 


 

 

2020-07-25