O‘zbekiston bozoriga Isroildan startaplarni jalb etish rejalashtirilmoqda

16-mart kuni IT Park Uzbekistan ofisiga LS Technology kompaniyasining biznesni rivojlantirish va sotish bo‘yicha vitse-prezidenti Liron Pinxas tashrif buyurdi.

Tashrifning maqsadi – axborot texnologiyalari sanoatida tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

Mehmonni IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Nigora Mirjalilova, Startap ekotizimlarini rivojlantirish boʻlimi boshlig‘i Jahongir Kagirov, IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻlimi boshlig‘i Sultonmurod Rasulovlar kutib oldilar.

Uchrashuv davomida mehmonga IT Park Uzbekistan faoliyati bilan tanishtirilib, uning maqsad va yutuqlariga to‘xtalib o‘tildi hamda tashkilotning O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga ko‘maklashishdagi o‘rni tushuntirildi.

Farhod Ibragimov IT Park rezidentlari, jumladan, u yerda ishlab chiqilayotgan kompaniya turlari va loyihalari haqida gapirib berdi.  Shuningdek, u O‘zbekistondagi BPO sektori haqida umumiy ma’lumot berdi.

Liron Pinxas O‘zbekistonda BPO’ni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi va 14 ta mijoz-kompaniyaga autsorsingga asoslangan potensial hamkorlik uchun O‘zbekistonning IT xizmatlari eksportini rivojlantirishni taklif qildi.

Startap sohasi ham chetda qolmadi. Xorijlik hamkasb Oʻzbekiston startaplariga xalqaro bozorga kirishda ko‘maklashish va Isroildan loyihalarni O‘zbekistonga jalb qilish istagini bildirdi. Shuningdek, u mitap-sessiyalar va mentorlik dasturlarini tashkil etishga tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Liron Pinxasga kelajakda ushbu sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ikkita API mutaxassisini taqdim etishga qaror qilindi.

Maʼlumot uchun:

LS Technology – ilgʻor yechimlarni ishlab chiqadigan va yuqori sifatli mahsulotlarni yaratadigan Isroildan dasturiy taʼminot dasturchi kompaniyasi.

Kompaniya tavsiflash va assimilyatsiya qilish, dasturiy taʼminotni test qilish va avtomatlashtirish, dasturiy taʼminot, veb-saytlar va ilovalarni yaratishni oʻz ichiga olgan strategik maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali yanada innovatsion texnologik landshaftni yaratish uchun ambitsiyali, istiqbolli mijozlar bilan hamkorlik qilishga ixtisoslashgan.

Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan yetakchi texnologiyalar qatoriga React, Angular, Node.js, Vue js, React native, Flutter va boshqalar kiradi.

2023-03-17