O‘zbekiston BPO-autsorsing uchun noyob imkoniyatlarni ochmoqda

Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan dunyoda kompaniyalar oʻz jarayonlarini optimallashtirish zaruratiga duch kelishmoqda. Kompaniyalar operatsion faoliyat sohalarini aniq belgilash orqali resurslarni boshqarish nuqtai nazaridan eng kam samarali yoʻnalishlarni aniqlashmoqda. Bunday holda, BPO-xizmatlarini taqdim etuvchilar eng qulay sharoitlarni taklif qilishlari va ushbu muammoli vazifalarni oʻz zimmalariga olishlari mumkin.

BPO (Business Process Outsourcing) — bu kompaniyalar maʼlum biznes jarayonlarning bajarilishini uchinchi shaxslarga oʻtkazish strategiyasidir. BPO’ning asosiy maqsadi kompaniya samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirishdir. Ushbu amaliyot kompaniyalarga oʻzlarining asosiy vazifalariga eʼtibor qaratish imkonini beradi. BPO autsorsingi maʼlumotlarni qayta ishlash, mijozlarga xizmat koʻrsatish, moliyaviy operatsiyalar, xodimlarni boshqarish va boshqalar kabi vazifalarni topshirishni oʻz ichiga olishi mumkin. Ushbu yoʻnalishlarni batafsil koʻrib chiqamiz.

  1. IT-autsorsing. Axborot texnologiyalari sohasida BPO texnik qoʻllab-quvvatlash, sinovdan oʻtkazish, maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash vazifalarini qamrab oladi va kompaniyalarga operatsion masalalarga emas, balki innovatsiyalarga eʼtibor qaratishga imkon beradi.
  2. Mijozlarga xizmat koʻrsatish. Aloqa markazlarini autsorsing qilish mijozlar tajribasini yaxshilash, buyurtmalarni qayta ishlash va qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynaydi. Bu mijozlar bilan strategik aloqalarga eʼtibor qaratish uchun buyurtmachilar resurslarini boʻshatadi.
  3. Moliyaviy xizmatlar. Moliya sohasida BPO-tashkilotlari malakali buxgalteriya hisobi, moliyaviy tahlil va hisoblarni qayta ishlash xizmatlarini taqdim etishlari mumkin.
  4. Inson resurslarini boshqarish. BPO-provayderlari kompaniyalarga ishga qabul qilish, oʻqitish va xodimlarni boshqarishda yordam beradi.
  5. Logistika va taʼminot zanjiri. Bu sohada kompaniyalar turli hududlardan pudratchilarni jalb qilish orqali oʻzlarining uzluksiz faoliyatini davom ettirishlari mumkin.

BPO bozori qanday rivojlandi

Global biznes-jarayonlar autsorsingi bozori 1980-1990-yillarda paydo boʻlgan. BPO sohasi shakllanishining asosiy sababi oʻsha davrda ishlab chiqarish quvvatlarini Gʻarb mamlakatlaridan Osiyo mintaqasiga oʻtkazish bilan bir xil — bu past operatsion xarajatlar va qulayroq mehnat resurslari hisobiga xarajatlarni kamaytirishdir. Biroq, BPO boshqa afzalliklarga ham ega:

  1. Asosiy boʻlmagan vazifalarni uchinchi shaxs tashkilotlarga topshirish orqali asosiy faoliyatga eʼtibor qaratish;
  2. Noyob resurslardan foydalanish imkoniyati bilan global bozorda mavjudlik va raqobatbardoshlik;
  3. BPO-provayderlarining tajribasi va izlanishlari kompaniyalarga maʼlum bir sohada eng yaxshi natijalarga erishishga imkon beradi;
  4. Kompaniyaning resurslari va ehtiyojlariga qarab moslashuvchanlik va kengayish.

Autsorsing xizmatlarining dastlabki shakllari maʼlumotlarni qayta ishlash va telemarketing kabi vazifalarni uchinchi shaxslarga oʻtkazishni oʻz ichiga olgan. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan BPO IT-gigantlarining ehtiyojlariga aylana boshladi. 2000-yillarning boshlarida Hindiston global BPO-xizmatlar markaziga aylandi. Davlat tomonidan ragʻbatlantirish orqali mamlakat raqobatbardosh mehnat qiymati evaziga yaxshi til koʻnikmalariga ega malakali mutaxassislarni taqdim eta oldi. Shimoliy Amerika va Yevropadagi kompaniyalar mijozlarga xizmat koʻrsatish va IT-jarayonlarini Hindistonga autsorsing qilishni boshladilar.

Oʻshandan buyon autsorsing sanoati yangi yoʻnalishlar bilan kengaydi. Masalan, kompaniyalar moliya va inson resurslarini boshqarish boʻyicha vazifalarni pudratchilarga topshirishni boshladilar. IT sohasida buyurtmachilarda maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish, sunʼiy intellekt va avtomatlashtirish texnologiyalarini rivojlantirish ehtiyoji paydo boʻldi. Vaqt oʻtishi bilan BPO markazlarining geografiyasi ham kengaydi. Filippin, Malayziya, Polsha, Ruminiya, Ukraina kabi mamlakatlar, shuningdek, Janubiy Amerikaning BPO-provayderlari bozor ulushi uchun raqobatlasha boshladilar.

Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas va 2020-yilda ushbu poygaga qoʻshildi.

O‘zbekistonda BPO’ni qo‘llab-quvvatlash

Oʻzbekistondagi BPO sanoatining oʻziga xos xususiyati — sohani davlat tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlashdir. Ushbu yordam 2019-yilda tashkil etilgan IT Park majmuasi orqali amalga oshiriladi. IT Park bilan hamkorlik nafaqat texnologik korporatsiyalar, balki asosiy boʻlmagan biznes jarayonlarini tegishli mutaxassislarga topshirishga intilayotgan korxonalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

220 ta IT Park rezident kompaniyalari BPO-xizmatlarini taqdim etadilar, xususan:

  • Dispetcherlik xizmatlari — 121-55%;
  • Koll-markazlar — 50-22,7%;
  • Buxgalteriya hisobi — 27-12,3%;
  • Boshqalar — 22-10%.

Ushbu kompaniyalarning ulushi 2023-yilning 11 oyi davomida $305 millionni tashkil etgan umumiy IT-xizmatlar eksportining 20 foizini tashkil etadi. IT Park BPO-kompaniyalarning rivojlanishini quyidagi yoʻnalishlarda qoʻllab-quvvatlaydi:

  • dispetcherlik xizmatlari;
  • mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlari va koll-markazlari;
  • ishga qabul qilish va HR-agentliklari;
  • maʼlumotlarni qayta ishlash va kiritish;
  • IT-jarayonlarni autsorsing qilish;
  • xaridlarni boshqarish;
  • raqamli marketing.

O‘zbekistondagi BPO-provayderlari bilan hamkorlikning afzalliklari

Oʻzbekiston yetarlicha rivojlangan BPO bozorida yangi oʻyinchi boʻlishiga qaramasdan, mamlakat xorijiy kompaniyalarga juda koʻp xizmatlarni taklif qilishi mumkin. Oʻzbekistonda raqobatbardosh mehnat qiymati evaziga malakali mutaxassislar mavjudligi bilan bir qatorda, hukumat sanoatni koʻplab imtiyozlar orqali faol ravishda ragʻbatlantirmoqda. Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, ushbu vazifa IT Park tomonidan amalga oshiradi. U nafaqat texnologik kompaniyalar va startaplarni birlashtiradi, balki BPO-xizmatlarini taqdim etuvchilar uchun ham xuddi shunday qulay sharoitlarni yaratadi, xususan: past soliq stavkalari va IT Park infratuzilmasidan foydalanish uchun imtiyozli imkoniyatlar.

Quyida Oʻzbekiston va xususan, IT Parkʼning global BPO-bozoriga nisbatan imkoniyatlarini batafsil taqqoslaymiz.

Past soliq stavkalari

Polsha va Filippinda nol yoki past foizli QQS mavjud. Biroq, BPO kompaniyalari uchun bunday imtiyozli soliq stavkalari koʻzda tutilmagan. Xuddi shu holat daromad soligʻining progressiv shkalasiga ham tegishli. Filippinda kam daromadli mutaxassislar nol foizli stavkaga ega boʻlishlari mumkin. Oʻrtacha ish haqi miqdoriga koʻra, BPO xodimlari 15-20% daromad soligʻiga tortiladi. Hindistonda bu koʻrsatkich 5-10% ni tashkil qiladi.

Soliq islohotlari amalga oshirilgandan soʻng Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi qulay ishbilarmonlik muhiti vujudga keldi. Bugungi kunga kelib, QQS, korporativ va daromad soligʻi boshqa BPO markazlariga qaraganda pastroq.

IT Park rezidentligi orqali kompaniyalar daromad soligʻini kamaytirishi va korporativ soliq va QQSʼdan butunlay xalos boʻlishlari mumkin. Biroq, shuni taʼkidlash joizki, 6 oylik imtiyozli davrdan keyin rezidentlar depozit hisobvaragʻiga jami daromadning bir foizi miqdorida ajratma oʻtkazish majburiyatini oladilar. Ushbu mablagʻlar IT Park infratuzilmasini saqlash va rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Manbalar:

Ishchi kuchi malakasi va qiymatining optimal uyg‘unligi

Xodimlarning ish haqi va malakasi BPO provayderini tanlashda asosiy omil hisoblanadi. Oʻzbekiston nisbatan past mehnat qiymati bilan ajralib turadi, shu bilan birga ishchilar chet tillarini bilishadi va yuqori savodxonlik va zarur koʻnikmalarga ega.

Mamlakatdagi 60 ga yaqin IT-universitetlar har yili 29 mingdan ortiq malakali mutaxassislarni tayyorlashadi. Xususan, yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarining filiallari, INHA va Amity universitetlarida kadrlarni tayyorlash ingliz tilida olib boriladi. Umumiy hisobda 5 milliondan ortiq oʻzbek yoshlari ingliz tilini bilishadi. 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar mamlakat aholisining uchdan ikki qismini tashkil etadi. Shunga koʻra, bunday kadrlar salohiyati yangi bilimlarni olishga ishtiyoqmand va mehnat bozoridagi oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashuvchan.

Oʻzbekistondagi baʼzi kasb egalari qolgan hududlarga qaraganda yuqori maosh olishadi. Biroq, yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, Oʻzbekistonlik mutaxassislar ilgʻor koʻnikmalarga ega, imtiyozli soliq tizimi esa yuqori ish haqi bilan taʼminlash imkonini beradi.

Manbalar:

IT Park rezidentlarga qanday afzalliklarni taklif qiladi?

Qulay soliq imtiyozlaridan tashqari, IT Park rezidentlar uchun yangi kompaniyalarni ishga tushirish va mavjud biznesni rivojlantirish uchun noyob sharoitlarni yaratadi. Quyida IT Park bilan foydali biznes yuritishni taʼminlovchi dasturlar keltirilgan.

Zero Risk — ushbu dastur Oʻzbekiston bozoriga kirgan xorijiy kompaniyalar uchun xarajatlar va risklarni kamaytirishga qaratilgan. Taqdim etiladigan imtiyozlar:

  • 12 oy muddatga hududlarda jihozlar va mebellar bilan jihozlangan bepul ofis;
  • xodimlar ish haqining 15 foizigacha qoplash;
  • treninglar va malaka oshirish kurslari xarajatlarining 50 foizigacha qoplash.

One Stop Shop — tayyor kompaniyani tez va oson ochish uchun dastur:

  • yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish;
  • dastlabki hujjatlarni tayyorlash;
  • ishonchnoma orqali PINFL olish;
  • bank hisob raqamini ochish.

Local2Global — Oʻzbekistondagi mahalliy kompaniyalarni ularning eksport faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida xalqaro bozorlarga chiqishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dastur. Rezidentlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha 50% xarajatlarni qoplashlari mumkin:

  • mijozlarning Oʻzbekistonga xorijiy sayohatlari;
  • eksport boʻyicha konsalting xizmatlari;
  • eksport boʻyicha murabbiylik;
  • xorijiy sayohatlar va xalqaro koʻrgazma va seminarlarda ishtirok etish;
  • Coursera platformasidagi eng yaxshi kurslarga bepul kirish.

IT Visa — IT sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislar, shuningdek, IT Park rezidentlari taʼsischilari Oʻzbekiston hududidan chiqmagan holda uzaytirish imkoniyati boʻlgan 3 yillik muddatga koʻp martalik viza olishlari mumkin. Ushbu viza mutaxassislar quyidagilarni taqdim etadi:

  • Oʻzbekiston fuqarolari bilan bir qatorda tibbiy xizmat koʻrsatish va taʼlim;
  • viza muddati davomida vaqtincha roʻyxatdan oʻtish;
  • har qanday qiymatdagi koʻchmas mulkni sotib olish imkoniyati.

IT Park rezidentligini olish tartibi

IT Park mamlakatda BPO bozorini har tomonlama rivojlantirmoqda. Bu yerda chet ellik mijozlar malakali kadrlarga ega eng munosib autsorsing provayderlarini osongina topishlari, BPO-kompaniyalari esa operatsion xarajatlar va risklarni kamaytirish orqali noyob imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.

Rezidentlik maqomini olish uchun O‘zbekiston hududida yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish va my.it-park.uz. portalida biznes-reja bilan onlayn ariza topshirish kerak.

 

Muallif haqida ma’lumot:

Otabek Arzikulov — tizim tahlilchisi, “Iqtisodiy sharh” nashri uchun tahliliy maqolalar va raqamli iqtisodiyot boʻyicha ilmiy maqolalar muallifi, “Gazpromneft” (Rossiya) kompaniyasi uchun texnologiya va metodologiyalarni ishlab chiqqan.

2024-01-16