Oʻzbekiston delegatsiyasi Plug&Play va Arena2036 vakillari bilan uchrashdilar

2022-yil 14-noyabr kuni Germaniyaning Shtutgart shahriga tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Plug&Play Germany boshqaruvchi direktori Sasha Karimpur va Shtutgartdagi korporativ hamkorlik menejeri Feliks Lammers bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Feliks Lammer mehmonlarga Plug&Play tashkilotining tarixi, bosib o‘tgan yo‘llari va shu kungacha erishgan yutuqlari haqida mazmunli taqdimot qildi. Taqdimot davomida korxonaning mexanizmlari va yaqin kelajakda kutilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Plug&Play butun dunyo boʻylab 47 ta filialiga ega va 50 000 dan ortiq startaplar bilan hamkorlik qiladi. Taqdimotdan so‘ng spikerlar O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdilar va kelajakda qanday loyihalar ustida birgalikda ishlashlari mumkinligi haqida fikr almashdilar.

Shu kuni Arena2036 direktori Peter Freshle bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Kompaniya rahbari bizning delegatsiyamizga kompaniya faoliyati va hozirgi kunda Shtutgart universitetida talabalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida so‘zlab berdi. Arena2036 – bu yuqori texnologiyali texnik hamda IT startaplarini rivojlantirish maydoni va platformasiga aylangan 10 000 kv.m tadqiqot markazi. Platforma 40 dan ortiq universitetlar, kompaniyalar va tadqiqot tashkilotlarini birlashtiradi. 

Ishtirokchilar bilan tanishgandan soʻng Peter Freshle markazda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida delegatsiya azolarini markaz boylab ekskursiyaga taklif qildi. Ekskursiya davomida ular suniy idrokga asoslangan avtonom ombor qurilmalari, 5G texnologiyasi stendi, mashinasozlik uchun robotlar va muqobil energiya prototiplari bilan tanishdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar ozaro hamkorlik doirasida bilim almashish uchun xalqaro maydon yaratishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

 

2022-11-15