O‘zbekiston Huawei Cloud Go Global Summit’da: IT sohasi uchun yangi istiqbollar

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Xitoyda o‘tkazilgan “Huawei Cloud Go-Global Summit” tadbirida ishtirok etdi. Mazkur yirik anjuman bulut texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi. Sammitda O‘zbekiston, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari, biznes va venchur fondlarining 800 dan ortiq vakillari qatnashdi.

Bu nima uchun muhim?

Sammit IT sohasidagi asosiy yo‘nalishlar, bulutli yechimlar va texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi masalalarini muhokama qilish uchun maydon bo‘ldi. Tadbir doirasida moliya, energetika, texnologiyalar bo‘yicha mavzuli forumlar, davra suhbatlari, shuningdek, ko‘rgazmalar va netvorking sessiyalari o‘tkazildi.

“Huawei Cloud” va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. IT Park Uzbekistan vakillari IT-xizmatlar eksporti bo‘yicha muvaffaqiyatli misollarni taqdim etib, mamlakatning xalqaro IT-kompaniyalar uchun tashqi bozorlarga chiqish platformasi sifatidagi salohiyatini ta’kidladilar.

Erishilgan asosiy natijalar

Rasmiy ko‘rgazmada IT Park Uzbekistan stendi namoyish etildi. Unda milliy IT-kompaniyalarning xalqaro maydondagi yutuqlari, raqamli sektorning jadal rivojlanishi, mahalliy mutaxassislarning kasbiy salohiyati, shuningdek, O‘zbekistonning texnologik biznes yuritish uchun raqobatbardosh ustunliklari aks ettirildi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida “Huawei Cloud” rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, shuningdek, potentsial investorlar va strategik hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi.

IT-autsorsing sohasidagi hamkorlik istiqbollari, O‘zbekiston kompaniyalarining global bozorlardagi ishtirokini kengaytirish va Markaziy Osiyoda raqamli infratuzilmani mustahkamlashga alohida e’tibor berildi.

Keyingi qadamlar

O‘zbekiston vakillarining “Huawei Cloud Summit”dagi ishtiroki mamlakatning global IT-ekotizimidagi o‘rni tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatadi. “Huawei Cloud” bilan hamkorlik kabi tashabbuslar respublikadagi startaplar va IT-kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ularga xalqaro bozorlarga kirib borish va investitsiyalarni jalb qilishda yordam beradi.

2025-03-28