Soʻnggi yillarda jahon iqtisodiyoti bir qator zarbalarga duch keldi: dastlab korporatsiyalar koronavirus pandemiyasi tufayli umumiy lokdaun sharoitida yangi paradigmalarga moslashdilar, karantin rejimi zaiflashgandan soʻng esa, rivojlanayotgan iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy agentlarning oʻz jarayonlarini qayta moslashtirishlariga toʻgʻri keldi. Biroq, pandemiya davrida Markaziy banklar katta miqdordagi kafolatlanmagan pul mablagʻlarini muomalaga chiqarib, inflyatsiyani kuchaytirgani va retsessiya yaqinlashishini tezlashtirganligi yangi sharoitlarning murakkablashishiga olib keldi.
Joriy makroiqtisodiy sharoitlar barcha oʻyinchilarga, shu jumladan, qiyinchiliklarga qaramay, innovatsion mahsulotlarni yaratish va oʻzlashtirishga harakat qilayotgan IT-korporatsiyalariga muammolar tugʻdirmoqda. Shu munosabat bilan kompaniyalar nostandart yechimlarni izlashiga toʻgʻri keladi va Oʻzbekistondagi IT-autsorsing bozori ulardan biri boʻlishi mumkin.
IT sohasidagi bugungi muammolar
Qimmat ishchi kuchi
Pandemiya davrida texnologik kompaniyalar ijtimoiy ehtiyojlarga moslashgan holda oʻz xodimlarini faol ravishda kengaytirdilar. Shuningdek, yangi mutaxassislar iqtisodiyotni jonlantirish davrida bozorga chiqarilishi rejalashtirgan innovatsion mahsulotlar ustida ish olib borishdi.
Malakali mutaxassislar uchun kurashda kompaniyalar ish haqini oshira boshladilar, bu esa sanoatdagi ortiqcha xarajatlarning paydo boʻlishiga olib keldi: kompaniyalar mutaxassislarga yuqori maosh toʻlash orqali xodimlar sonini oshirishdi. 2022-yil oxirida teskari jarayon boshlandi, yaʼni joriy yilda ham davom etgan ommaviy qisqartirishlar.
Bundan tashqari, qisqartirishlar quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga keldi:
Kadrlar tanqisligi
Avvalgi tezisga nisbatan qanchalik gʻalati tuyulmasin, IT sohasidagi kadrlar boʻlimlari hali ham mutaxassislarni qidirishda davom etmoqda. Bu yetishmovchilik kompaniyaga yangi gʻoyalarni olib kirishga qodir, shuningdek innovatsion va eng talabgir yoʻnalishlarni oʻzlashtirishga tayyor yuqori malakali kadrlarвшк.
Bunday mutaxassislarning yetishmasligi loyihalarning rivojlanishini sekinlashtirishi va kompaniyaning oʻsishini cheklashi mumkin, bu esa oxir-oqibat qolgan yetakchi oʻyinchilarga nisbatan past raqobatbardoshlikda oʻz aksini topadi.
Operatsion xarajatlarning o‘sishi
Mehnat xarajatlaridan tashqari, kompaniyalarning operatsion faoliyat xarajatlari ham koʻpaydi: ofislarni ijaraga olish, pudratchi tashkilotlardagi xizmatlar narxi qimmatlashmoqda, kredit stavkalari ham oʻsib bormoqda — bularning barchasi inflyatsiya va Markaziy banklar stavkalarining oshishi natijasida yuzaga keldi.
Jahon iqtisodiyotidagi mavjud vaziyatga qaramasdan, kompaniyalar hali ham innovatsion yoʻnalishlarni oʻzlashtirish va yangi texnologik tizimga oʻtish uchun raqobatlashmoqda. IT-oʻyinchilar ushbu raqobat yetakchilari kelajakda eng koʻp foyda olishlarini bilishadi. Shu sababdan, korxonalar iqtisodiyotdagi qiyinchiliklar va yangi bozorlarni shakllantirish va zabt etish oʻrtasidagi muvozanatni saqlab qolishga harakat qilishmoqda. Oʻzbekistondagi sokin IT-koʻrfaz ushbu muvozanat parametrlaridan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekistondagi IT-autsorsing qiyinchiliklarga moslashish yechimi sifatida
Ishchi kuchining arzonligi
Oʻzbekiston oʻtish davri iqtisodiyoti sharoitida turibdi va rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Natijada, mamlakatdagi nisbatan rivojlangan iqtisodiyotlarda arzon ishchi kuchiga ega boʻlgan katta mehnat bozori mavjud. Bu haqida raqamlar gapiradi: AQShda IT-mutaxassisining oʻrtacha ish haqi yiliga $87 ming, Yevropada yiliga taxminan $60 ming, Oʻzbekistonda esa yiliga $10 mingni tashkil etadi. Shu tariqa, Oʻzbekistondagi IT-mutaxassisning mehnat narxi Gʻarb bozoriga nisbatan 5 baravar past.
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlari
Boshqa rivojlanayotgan mamlakatlardan farqli oʻlaroq, Oʻzbekistonda oldingi iqtisodiy shakllanish tufayli arzon va sifatli taʼlim sharoitlari yaratilgan. 36 million aholiga ega mamlakatda savodxonlik darajasi 100% ni tashkil qiladi. Tabiiy fanlardan tashqari, maktablarda yosh avlod IT-yoʻnalishlari, shuningdek, chet tillarini oʻrganishga faol jalb qilingan. Bugungi kunda 5 milliondan ortiq aholi ingliz tilini biladi.
Ushbu imkoniyatlarni inobatga olgan holda xorijiy oliy oʻquv yurtlari zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash uchun Oʻzbekiston bozoriga kirmoqda. Hozirda mamlakatda har yili 29 mingdan ortiq yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi 60 ga yaqin IT-universitetlar faoliyat koʻrsatmoqda.
Oʻz navbatida, IT Park mamlakatda oʻz vakolatxonasini ochishga qaror qilgan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda mutaxassislarni tayyorlash jarayonida ishtirok etmoqda. Misol sifatida “EPAM Systems” bilan birgalikda “IT Park University” tashkil etilgan boʻlib, unda 400 ga yaqin talaba tahsil oladi. Shu tariqa, xorijiy kompaniyalar tegishli talablarga muvofiq IT Park bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashlari mumkin.
Rivojlangan infratuzilma va past operatsion xarajatlar
Oʻzbekistonda infratuzilma rivojlangan: shaharlar elektrlashtirilgan, respublika hududining 99 foizi internet bilan qoplangan, bundan tashqari internet tariflari narxi dunyodagi eng arzonlardan biri hisoblanadi. Shu tariqa, mamlakatdagi internet foydalanuvchilari soni 31 million kishini tashkil etadi.
IT Park rezidentlari ofis binolaridan foydalanishda imtiyozli tariflarga ega boʻlishadi, bu esa operatsion xarajatlar nuqtai nazaridan xorijiy kompaniyalarning arzon narxlarda faoliyat yuritishiga imkon yaratadi.
Past soliq stavkalari
IT Park rezidenti maqomining yana bir afzalligi imtiyozli soliq tizimidir. Xususan, kompaniyalar uchun korporativ, ijtimoiy va mol-mulk soliq stavkasi — 0%. Shuningdek, rezidentlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan va daromad soligʻi standart 12% dan farqli oʻlaroq atigi 7,5% ni tashkil qiladi.
Soliq stavkalarining pastligi kompaniyalarga daromadlarni oʻz faoliyatiga qayta investitsiya qilish, xodimlar va ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish imkonini beradi. Shu tariqa, kompaniyalar nafaqat xarajatlarni optimallashtirish, balki yangi bozorlarni zabt etishlari mumkin, masalan, SI texnologiyasini oʻzlashtirish borasida tobora kuchayib borayotgan raqobat poygasida.
Kompaniyalar mahalliy bozorga kirish imkoniga ega bo‘lib, qo‘shni mintaqalarga chiqishmoqda
Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi sanoat va texnologik rivojlanish uchun yuqori salohiyatga ega boʻlgan aholi eng zich joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat hududida oʻz mahsulotlarini ishlab chiqaradigan sanoat guruhlari ham zamonaviy axborot va texnologik yechimlarga ehtiyoj sezishmoqda. Vaqt oʻtishi bilan bu talab faqat oshadi.
IT Park orqali sanoat ishlab chiqaruvchilari va dasturiy taʼminot kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlik soddalashtirilishi mumkin. Bunday oʻzaro manfaatli hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilarning rivojlanishi va IT-mahsulotlarni yetkazib beruvchilarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, IT Park koʻp mablagʻ talab qiladigan korporatsiyalar zamonaviy IT-mahsulotlarga muhtoj boʻlgan qoʻshni bozorlarda kengayish uchun poydevor yaratishga intilmoqda.
Xulosa
Tarix ishlab chiqarishni rivojlangan mamlakatlardan rivojlanayotgan bozorlarga oʻtkazish samaradorligini amalda bir necha bor tasdiqladi. Oʻtgan asrning 70-80 yillarida ishlab chiqarish quvvatining Janubi-Sharqiy Osiyoga qisman koʻchishi rivojlanayotgan mamlakatlarga global iqtisodiyotga qoʻshilish va korporatsiyalarga arzon narxlardagi ommaviy yechimlarni olish imkonini berdi.
21-asrda IT sohasida ishlab chiqarishni koʻchirish dolzarb boʻlib bormoqda. Va Oʻzbekiston IT-bozorining sokin koʻrfazi kompaniyalarga nafaqat global iqtisodiyotdagi oʻzgarishlardan omon qolish, balki zamonaviy yechimlarni arzon narxlarda olish imkonini beradi. IT Park rezidentligi doirasida Oʻzbekistonda faoliyat yuritishning afzalliklarini xorijiy kapitalga ishtirokidagi 400 dan ortiq kompaniyalar allaqachon sinab koʻrishdi.
Muallif haqida ma’lumot:
Otabek Arzikulov — tizim tahlilchisi, “Iqtisodiy sharh” nashri uchun tahliliy maqolalar va raqamli iqtisodiyot boʻyicha ilmiy maqolalar muallifi, “Gazpromneft” (Rossiya) kompaniyasi uchun texnologiya va metodologiyalarni ishlab chiqqan.
2023-12-26