O‘zbekiston kompaniyalari Ispaniya bozoriga kirishdan manfaatdor

1-iyun kuni Mercury biznes markazida ACIR Southern Europe, AG Mentors Group va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etilgan “Toshkent – Ispaniya: Janubiy Yevropada biznes va sarmoyaviy imkoniyatlar” nomli birinchi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning maqsadi – O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik va Ispaniyada biznes imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Davra suhbatida  20 ga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniya va tashkilotlari vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning yuqori martabali rasmiylari va biznes ekspertlari, jumladan, tijorat attashesi Xuan Migel Markes, ACIR Southern Europe mintaqaviy Markaziy Osiyo direktori Migel de la Kruz, Toshkentdagi Savdo-iqtisodiy ofis boshligʻi Fernando Varela Karid, AG Mentors prezidenti Elyar Ganiyev va boshqalar qatnashdilar.

Forumda IT Park nomidan Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova va IT-xizmatlar eksporti boʻlimining masofaviy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha menejeri Sarvar Vohidov ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ular ayrim tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Xususan, ACIR Southern Europe bosh direktori va ACIR Southern Europeʼning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori bilan hamkorlik va qo‘shma loyihalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Toshkentdagi Savdo-iqtisodiy ofis boshligʻi Fernando Varela Karido bilan IT Park va “Ispaniyaning Iqtisodiy va Savdo Vakolatxonasi” o‘rtasida IT-xizmatlar eksporti sohasida memorandum imzolash imkoniyati muhokama qilindi.

Bundan tashqari, davra suhbati doirasida quyidagi mavzular muhokama qilindi:

  • Xorijiy kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash va Ispaniyada biznes imkoniyatlari;
  • Janubiy Yevropaga qanday eksport qilish kerak. Vositalar va tavsiyalar. Biznes uchun ekotizim;
  • Ispaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi muvaffaqiyat hikoyalari.

Davra suhbati savol-javob sessiyasi va kontaktlar almashinuvi bilan yakunlandi. Bu kelajakda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida yanada yaqin hamkorlikka olib kelishi kutilmoqda.   

2023-06-01