O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri IT Park’ga tashrif buyurdi

2021-yilning 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni atroflicha o‘rganish maqsadida IT Park’ga tashrif buyurdi.

Yig‘ilishda Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Investitsiyalar va moliya masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev, shuningdek, IT Park direktori Farhod Ibragimov, direktor o‘rinbosarlari va boshqalar ishtirok etishdi.

Tashrif davomida, birinchi navbatda, qurilayotgan IT Park kompleksi vazirga taqdim etildi. Zamonaviy kompleks yaratish ishlari o‘tgan yil boshida boshlangan edi. 17 ta bino bosqichma-bosqich quriladi, jumladan, va u o‘z ichiga 20-25 qavatli ofis binolari, universitet, konferensiya – zali, kovorking-markaz va boshqa obektlarni oladi. IT kompleksi qurilishining birinchi bosqichini 2022 yilning ikkinchi choragida yakunlash rejalashtirilgan. Qurilishni to‘liq yakunlash esa 2024-yil oxirigacha rejalashtirilgan. Xususan, vazirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilish maydonchasi bo‘ylab qisqa muddatli ekskursiya ham uyushtirildi.


Vazir IT Park’da amalga oshirilayotgan vazifalar va loyihalar hamda tashkilot tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar, xususan, ta’lim, startap ekotizimlari, rezidentlik, infratuzilma, eksport va axborot texnologiyalari sohasini jamiyat o‘rtasida ommalashtirish bilan tanishdi.


Bugungi kunga kelib 496 IT kompaniya IT Park rezidentlari bo‘lib, ular asosan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. Xorijiy kapitalni jalb etish natijasida 18 ta korxona tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, IT Park rezidentlari 2028-yil 1-yanvarga qadar soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.


Direktor o‘rinbosarlari, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan IT Park bo‘limlari boshliqlari amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berdilar, shuningdek, yo‘nalishlarni ishlab chiqish, yangi yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mavjud muammolar va ularni hal etish imkoniyatlari to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirdilar.

Vazir, o‘z navbatida, har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga berilgan takliflarga ijobiy munosabat bildirdi hamda vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda yordamga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.

2021-11-20