O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan “HIT Games 2025” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tashrifning asosiy maqsadi — O‘zbekistonning IT-autsorsing va BPO-kompaniyalari uchun afzalliklarini targ‘ib qilish hamda bozorning yetakchi ishtirokchilari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida Turkiyaning yirik o‘yin sanoati va autsorsing kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston qulay geografik joylashuvi, kadrlar salohiyati, soliq imtiyozlari va qo‘llab-quvvatlash dasturlari tufayli GameDev sohasini rivojlantirish uchun istiqbolli hudud sifatida taqdim etildi. Delegatsiya kompaniyalarni xalqxalqaro bozordagi ishtirokini kengaytirish maqsadida mamlakatimizda o‘z vakolatxonalarini ochishga taklif etdi.
AssisTT bilan muzokaralar: Istiqbolda 1000 ta ish o‘rni
Tashrifning birinchi kuni mijozlarga xizmat ko‘rsatish autsorsingi sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri — “AssisTT” bilan uchrashuvga bag‘ishlandi. Kompaniya uzoq muddatli istiqbolda ingliz va nemis tillarini biladigan 1000 nafargacha mutaxassis, dastlabki bosqichda esa 100 nafar xodimni ishga qabul qilishga qiziqish bildirdi. Muzokaralar yakunida tomonlar mintaqaning kadrlar salohiyati va biznes yuritish sharoitlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot almashishga kelishib oldilar.
HIT Games 2025: xalqaro GameDev kompaniyalarining hamkorlikka qiziqishi
Ikkinchi kuni delegatsiya “HIT Games 2025” konferensiyasida ishtirok etib, xalqaro GameDev kompaniyalari vakillari bilan 25 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. “Tiplay”, “Gaming in Türkiye” | MENA | EU, “Pax Animi Games” va boshqa kompaniyalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati davomida mintaqada o‘yin sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston GameDev sohasini rivojlantirish uchun istiqbolli maydon sifatida taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilari mamlakatning kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddaligi, soliq imtiyozlari va qulay investitsion muhiti kabi raqobatdosh ustunliklarini e’tirof etdilar.
Natijalar va kelgusi rejalar
Tashrif yakunida onlayn muzokaralarni davom ettirish hamda O‘zbekistonda biznes yuritish sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kompaniyalar hamkorlik tafsilotlarini muhokama qilish uchun yaqin 12 oy ichida O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdilar. O‘zbekistonga GameDev va IT-autsorsing sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha faol ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonni mintaqaviy IT va GameDev markazi sifatida yuqori qiziqish bilan qabul qilayotganini yana bir bor namoyon qildi. IT Park hamkorlikni kengaytirish va mamlakatni xalqaro bozorda ilgari surish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
2025-03-19