O‘zbekiston universitetlari Xalqaro dasturlash tanlovida ishtirok etdi

6-7-dekabr kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida dasturlash bo‘yicha xalqaro tanlovning NEERC finali (ICPC yarim finali) bo‘lib o‘tdi.

“International Collegiate Programming Contest” dasturlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik chempionat hisoblanadi. Har yili 500 dan ortiq oliy o‘quv yurtlaridan 2000 nafardan ortiq talaba musobaqalarda kuch sinashadi.

Musobaqada ishtirok etish uchun O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridan jami 16 ta jamoa Olmaotaga yo‘l oldi.

O‘zbekistondan faqat ikkita yetakchi jamoa diplom bilan taqdirlandi.

Bu:

1. “Awesome Team” jamoasi (Toshpo‘latov, Ashirmatov, Ashrapov) –M.V. Lomonosov nomidagi MDU Toshkent filiali. Jamoa 5 ta vazifani bajarib, 2-darajali diplom bilan taqdirlandi.

2. “Algo Experts” jamoasi (Qarshiev, Qayumjonov, Jalolov) - Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.  Jamoa 4 ta vazifa ustida ishlagani uchun 3-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Musobaqada Shimoliy Yevroosiyo mintaqasidan Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va boshqalar oliy o‘quv yurtlaridan jami 281 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa ishtirokchilariga 12 ta masala yechish topshirilgan bo‘lib, ulardan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan Rossiya oliy o‘quv yurtlari MFTI va Moliya oliy maktabi jamoalari har biri 10 ta masala yechishdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra 69 ta jamoa (4 ta masala yechigani uchun) 3-darajali, 27 ta jamoaga (5-6 ta masala yechilgani uchun) 2-darajali, 13 ta jamoaga (7+ ta masala yechigani uchun) 1-darajali sertifikatlar topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, 27-noyabr kuni “IT Park Cup” musobaqasi doirasida “International Collegiate Programming Contest” ( “ICPC”) global dasturlash tanlovining chorak finali boʻlib oʻtdi. Uning asosiy tashkilotchilari IT Park Uzbekistan va IT Park University bo’ldi.

2022-12-10