Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: hamkorlikning yangi qirralari

7-fevral kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligi direktori Lori Murhed boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrifdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasida axborot texnologiyalari va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Mehmonlarni direktorning birinchi o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov, IT Park University bosh direktori Bohodir Ayupov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va xalqaro aloqalar bo‘limi menejeri Dildora Nasibullayeva kutib oldi.

Uchrashuv davomida Buyuk Britaniya delegatsiyasiga IT Park faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida soʻzlab berildi. Xorijlik mehmonlar O‘zbekistonda BPO yoʻnalishi jadal rivojlanayotganini ta’kidladilar. Xususan, “yagona darcha” tamoyili asosida ofis ochish istagida bo‘lgan xorijiy kompaniyalarga hukumat va IT Park tomonidan ko‘rsatilayotgan koʻmak yuqori baholandi. IT Park vakillari Buyuk Britaniya bilan hamkorlik muhimligini qayd etdi, negaki hozirgi bosqichda kompaniyalardan autsorsing xizmatlari asosida buyurtmalar jalb qilish maqsadida Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Koreya Respublikasi va Yaponiyaning IT va BPO bozorining o‘ziga xos jihatlari o‘rganilmoqda.

Xorijlik hamkasblar O‘zbekistonda FinTech va kiberxavfsizlikning rivojlanishiga alohida qiziqish bildirdi. Direktorning birinchi o‘rinbosari IT Park va Universal bank hamkori “Aloqabank”ning FinTech kompaniyalariga kiritgan sarmoyalari haqida soʻzlab berdi. Buyuk Britaniya tomonidan qirollikdagi FinTech kompaniyalari va IT Park rezidentlari o‘rtasidagi sherikchilik aloqalarini oʻrnatish taklif etildi.

Bundan tashqari, IT Park university bosh direktori Bohodir Ayupov Buyuk Britaniya universitetlari bilan hamkorlikni ko‘rib chiqishni taklif qildi. Xususan, u ITPU talabalari uchun AQSHda keng tarqalgan “Work and Travel” asosida Buyuk Britaniya universitetlarida amaliyot dasturini tashkil etish imkoniyatini aytib oʻtdi hamda britaniyalik professor va ekspertlarni Universitet talabalari uchun tashkil etilgan qoʻshma “bootcamp”ga mehmon oʻqituvchi sifatida taklif qildi.

Uchrashuvni sarhisob qilar ekan, janob Lori Murhed unda oʻrnatilgan ishonch va hamkorlikni mustahkamlash uchun kelgusida konstruktiv muloqot muhimligini ta’kidladi hamda o‘zbekistonlik hamkasblarni Buyuk Britaniyadagi “Fintech Week”, “British educational training and Technology show” kabi tadbirlarda ishtirok etishga da’vat etdi.

2023-02-08