O‘zbekiston va Tatariston IT-sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

9-dekabr kuni Tatariston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Roman Shayxutdinov boshchiligidagi delegatsiya “IT Park Uzbekistan”ga amaliy tashrif bilan keldi.

Uchrashuvda, shuningdek, “Innopolis” EIZ AJ bosh direktori o‘rinbosari Oleg Protopopov, “Innopolis universiteti” ANT OT direktori Kirill Semenixin va direktor maslahatchisi Yekaterina Koneva, “Tattelekom” AJ bosh direktori Ayrat Nurutdinov va boshqalar ishtirok etdi.

Mehmonlarni IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Elmuradov, xalqaro aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Amaliya Ergasheva, raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Maxliyo Muksinova va tashkilotning boshqa vakillari kutib oldi.

Alisher Elmurodov delegatsiya a’zolariga IT Park muvaffaqiyatlari, xususan, bugungi kunda 1000 ta kompaniya IT Park rezidentiga aylangani, ulardan 100 dan ortig‘i xorijiy kapital ishtirokida ekanligi haqida so‘zlab berdi.

Bundan tashqari, mehmonlarga respublikada startap ekotizimini rivojlantirish, IT-taʼlim, shuningdek, IT-tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻzlab berildi. Taqdimot davomida O‘zbekistonning AKT sohasida kadrlar tayyorlash salohiyatiga, shuningdek, elektron hukumat va fintech kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot chogʻida tomonlar respublikalar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va loyihalarni ilgari surish, malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha qoʻshma oʻquv kurslari va dasturlarini tashkil etish, shuningdek, “Innopolis” EIZ AJ rezidentlarining O‘zbekiston bozoriga chiqishi istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘z navbatida, “Innopolis” universiteti vakillari turli yo‘nalishlar bo‘yicha IT mutaxassislari uchun tezlashtirilgan qo‘shimcha ta’lim dasturlari (robotexnika texnologiyalari, dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish asoslari, React texnologiyalaridan foydalangan holda JavaScriptda enterprise full stack dasturlash va h.k.) haqida so‘zlab berishdi, shuningdek, IT yo‘nalishida murabbiy va ustozlarni tayyorlash metodologiyasini taqdim etdilar. Bundan tashqari, “Innopolis” EIZ AJ vakillari startaplarni rivojlantirish va biznes farishtalarni tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan dasturlarni taqdim etdilar.

Tomonlar robototexnika sohasida “WorldSkills” jamoalarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni ham muhokama qildilar.

10-dekabr kuni Tatariston delegatsiyasi respublika hududlarida joylashgan IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

IT Parkning Jizzax filiali xodimlari mehmonlarga tashkilot ofisi bo‘ylab sayohat uyushtirib, tashkilot faoliyati, IT-soha istiqbollari, shuningdek, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berishdi.

Shundan so‘ng, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AKT sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, xususan, malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Jizzax viloyatiga safar doirasida delegatsiya a’zolari universitet faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Qozon (Volgaboʻyi) Federal universiteti (KFU) filialiga ham tashrif buyurishdi.

Jizzaxdagi filial Qozon federal universitetining ilk xorijiy loyihasidir. U O‘zbekiston rahbariyati ko‘magida amalga oshirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Tatariston delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonda AKT sohasi rivojlanishidagi ijobiy dinamikani qayd etib, ITsohasida, ayniqsa, har ikki respublikaning kadrlar salohiyatini oshirishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2022-12-10