O‘zbekiston va Vyetnam raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha strategik yo‘nalish doirasida O‘zbekiston Osiyoning asosiy IT-bozorlari bilan hamkorlik aloqalarini faol rivojlantirishda davom etmoqda. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari vakillarini to‘plagan O‘zbekiston-Vyetnam biznes-muloqoti bu boradagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

8-aprel kuni “InterContinental Trilliant” mehmonxonasida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston va Vyetnam vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ikki mamlakatning yuqori martabali rasmiylari va biznes rahbarlari ishtirokida davra suhbati shaklida o‘tkazildi.

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, shuningdek, IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov mamlakatimizning raqamlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasidagi yutuqlarini taqdim etib, qo‘shma loyihalar uchun salohiyatni ta’kidladilar.

IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov Vyetnam kompaniyalari bilan hamkorlikning muhimligini ta’kidladi: “Vyetnamlik hamkorlar bilan uchrashuv xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning IT-salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Biz raqamli texnologiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt va IT-xizmatlar autsorsingi sohasida hamkorlik uchun katta istiqbollarni ko‘rmoqdamiz. IT Park Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni istagan Vyetnam kompaniyalari uchun ko‘prik va bir vaqtning o‘zida global miqyosga intilgan o‘zbek startaplari uchun platforma bo‘lishga tayyor.”

Davra suhbati O‘zbekiston va Vyetnam o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Raqamli texnologiyalar va boshqa muhim sohalardagi qo‘shma loyihalar har ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi.

2025-04-08