O‘zbekiston xorijiy IT-kompaniyalar uchun jozibador hududga aylanmoqda

Mamlakatimizda so‘nggi 5 yil ichida IT-tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

2017-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5099-sonli farmoni, IT-kompaniyalarga qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishida fundamental hujjat bo‘lib xizmat qildi. Unga ko‘ra, kompaniyalar 2028-yilgacha bo‘lgan muddatga:

- barcha turdagi soliqlardan

- asbob-uskunalarni olib kirishda bojxona to'lovlaridan

- chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnoma olishdan to'liq ozod qilindi.

Shuningdek,

- xorijiy kompaniyalarning dividendlaridan olinadigan soliq 5 foizgacha;

- daromad solig'i stavkasi 7,5 foizgacha tushirildi.

Bundan tashqari, korxonalarga,

- faoliyatni ofisni ijaraga olmasdan, masofadan turib amalga oshirish;

- ta’sischilarga dividendlar va chet el valyutasida ish haqi to‘lash;

- eksport kontrakti mavjud bo‘lmagan holda xizmatlar eksportini elektron savdo platformalari orqali amalga oshirish huquqi berildi

Mahalliy IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida investorlar, taʼsischilar, chet ellik IT-mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun “IT-viza” dasturi joriy etildi.

2019-yilda tashkil etilgan IT-Park 550 dan ortiq IT-kompaniyalarni birlashtirdi. Ularning savdo aylanmasi 2021-yilga kelib 2,5 trillion so‘mga yetdi, xizmatlar eksporti 76 barobarga oshib, 46 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bugunga kelib, IT-Park rezidentlari xodimlarining umumiy soni esa 10 ming kishiga yetdi.

2019-yilda yo‘lga qo‘yilgan “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi bilan birga mamlakatimizning barcha hududlarida IT-markazlarning ochilishi sohaga har yili 50 mingdan ortiq yosh mutaxassislarni tayyorlab bermoqda.

Soliq imtiyozlari va kadrlar tayyorlash dasturi tufayli O‘zbekistonda bir qator yirik xorijiy IT-kompaniyalar o‘z vakolatxonalarini ochdi. Ushbu vakolatxonalarda hozirda 5 mingdan ortiq IT-mutaxassis faoliyat olib bormoqda, 2023-yil oxiriga kelib ularning soni 10 mingga yetishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida IT-Park “TashRush” dasturini ishga tushirdi, unga ko‘ra chet el kompaniyalari va IT-mutaxassislarga (OneStopShop tamoyili asosida) yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofislarni qidirish, xodimlarni yollash bo‘yicha xizmatlar taqdim etiladi. Mutaxassislar uchun esa IT-Park rezident kompaniyalariga moslashish va ishga joylashishda ko‘mak beriladi.

Yil boshidan buyon 3000 dan ortiq xorijlik IT-mutaxassis ushbu dasturdan foydalangan bo‘lib, ular faqat chet el kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan. Ushbu professionallar tajribasi O‘zbekistonda yosh kadrlarning malakasini oshirishda ham qo‘l keladi.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan xorijiy kompaniyalarning filiallari hamda chet ellik mutaxassislarning oqimi axborot texnologiyalari sohasida 5 mingdan ortiq yosh kadrlarni ish bilan ta’minlash, IT-xizmatlari eksportini 100 million AQSh dollariga yetkazish imkonini yaratadi.

IT-Park tomonidan xorijiy kompaniyalar va IT-mutaxassislariga taqdim etiladigan xizmatlar haqida batafsil maʼlumot, shuningdek, “TashRush” loyihasi yo‘lkorsatkichi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://itvisa.uz/ 

2022-03-11