2023-yil 4-mart kuni IT Park hamkorligida poytaxtda yana bir keng ko‘lamli loyiha ishga tushirildi: Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston IT Hamjamiyatining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda jami 500 dan ziyod kishi qatnashdi.
Marosimni IT Park direktori o‘rinbosari Maxliyo Muksinova tabrik so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida IT sohasini rivojlantirish uchun bunday loyihalarni yaratish muhimligini ta’kidladi, chunki u yangi g‘oyalarni amalga oshirish, yoshlarni birlashtirish va startaplarni yaratish, bilim va tajriba almashish, yosh mutaxassislar va IT-mutaxassislar o‘rtasidagi muloqot uchun tramplin bo‘lishi mumkin, bu esa sohani yanada faol rivojlantirish imkonini beradi.
IT-Hamjamiyat doirasidagi birinchi uchrashuvda bir vaqtning oʻzida 6 ta spikerning chiqishi boʻlib oʻtdi:
Ular uchrashuv ishtirokchilariga IT cho‘qqilariga o‘z yo‘lini qurish imkonini bergan muvaffaqiyat sirlari haqida gapirib berishdi. Sessiyalar yakunida ishtirokchilar uchrashuv spikerlariga qiziqtirgan barcha savollarini berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Taklif etilgan mehmonlar ishtirokidagi sessiyaning rasmiy ochilish marosimidan so‘ng O‘zbekiston IT Hamjamiyati raisi Shavkat Karimov loyiha taqdimotini o‘tkazdi hamda yangi loyihaning maqsadi – IT mutaxassislari va ushbu sohaga qiziquvchilarni bir joyda birlashtirish ekanligini ta’kidladi. Hamjamiyat ishtirokchilar uchun IT sohasidagi qiziqarli maʼlumotlarni topish; bilim va tajriba almashish; karyera qurish; loyiha uchun jamoa topish; gʻoyalarni muhokama qilish; yordam olish va hatto mentor topishlari mumkin boʻlgan platformaga aylanadi.
Dastur tadbirlarga boy boʻldi: butun tadbir davomida ishtirokchilar interaktivlarda va sovrinli tanlovlarda qatnashdilar. Masalan, tadbir davomida sunʼiy intellektni oʻz ichiga olgan interaktiv oʻyinlar tashkil etildi. Ushbu o‘yinlar ochilish marosimida qatnashganlarning barchasi va hamjamiyat vakillarining faol ishtirokini ta’minladi.
Shuningdek, ayrim ishtirokchilar yopiq Pizza Partyʼga kirish imkoniyatiga ega boʻlishdi, u yerda ular spikerlar bilan shaxsan suhbatlashishlari va qiziqtirgan barcha savollarini berishlari mumkin edi.
Bir nechta spikerlar tadbir haqidagi taassurotlari bilan boʻlishdilar:
Alyona Vladimirskaya, ITalant bosh direktori
“Oʻzbekistonning IT-davlatga aylanishiga va IT hamjamiyatining rivojiga juda ishonaman.
Rossiyada ham shunday hamjamiyatlarni tashkil qilishda ishtirok etganman. Tajribam davomida bilganim shu boʻldiki yosh mutaxassislar yoki tajribaga ega boʻlmaganlar mustaqil ravishda IT sohada oʻz yoʻlini topishga qiynalishadi va iqtidorli yoshlar yuzaga chiqmay koʻpincha qolib ketishadi. IT Hamjamiyatining asosiy vazifasi mana shunday junior mutaxassislarni topib, ularning imkoniyatlarini rivojlantirish va yanada kattaroq marralarga olib chiqishdan iborat. Biz ushbu mutaxassislarni to‘plab, ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, kerakli kompaniyalarga yoʻnaltiramiz.
Hamjamiyatning ochilishidagi ishtirokchilar hamda volontyorlarning jo‘shqin ruhni va ishtiyoqini ko‘rib, O‘zbekistonda soha rivoji uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu yerda yoshlar salohiyatli va xorijiy tillarni yaxshi bilishadi. Bu, albatta, tarixiy hodisa.
Shuningdek, O‘zbekiston mutaxassislari xalqaro IT tashkilotlari uchun moliyaviy tomondan ham eng qulay va sifatli dasturchilar hisoblanadi. Albatta, ular ham hamjamiyatning yoʻlga qoʻyilganidan mamnun boʻladilar.
Agar hamjamiyatning istiqboliga ishonmaganimda, bugungi ochilish marosimida qatnashmagan boʻlar edim. O‘zbekiston IT lokomotiviga aylanishiga, rivojlanishiga va yuksak marralarga erishishiga ishonaman”.
Ochilish marosimida IT-Hamjamiyat raisi Shavkat Karimov quyidagi fikrlarni bayon etdi.
“IT-Hamjamiyatni tashkil etishimizdan koʻzlangan asosiy maqsad uchta.
Birinchidan, IT sohasida bilimga ega insonlar, mutaxassislar kelajakda oʻzlari uchun qulay va mos sharoitlarni topishlari uchun imkon yaratish.
Ikkinchidan, biz xalqaro miqyosda va butun IT-sohada talabgir boʻlgan yirik mahsulotlarni ishlab chiqishni oʻzimizga maqsad qilib qoʻydik. Bunda Oʻzbekistonning ichki bozoridan boshlab mintaqa mamlakatlariga ham oʻz mahsulotlarimizni yuqori darajaga olib chiqmoqchimiz.
Uchinchidan, biz dunyo xaritasida xuddi Amerika, Hindiston, Rossiya, Xitoy singari Oʻzbekistonni IT-mamlakat sifatida tan olinishiga erishishni reja qilganmiz. Chet elliklar Oʻzbekiston haqida eshitganda IT-mamkalat sifatida tanilishiga erishsak maqsadimizni uddalagan boʻlamiz.
Hamjamiyat ishga tushirilganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Lekin shunga qaramay, 2 mingdan ortiq kishi aʼzolikka qabul qilindi. Jamoamiz katta va istiqbolli loyihalar amalga oshishiga juda katta umid qilmoqdamiz.
Eng katta maqsadimiz va istiqbolimiz – IT sohasida odamlar taʼlim olishi, ishga joylashishi va biznes qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Kelajakdagi kutilmalar haqida gapirishga biroz erta. Ammo ishonch bilan ayta olamanki, aynan IT hamjamiyatning ochilishi va yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekistonda IT sohasini raqamlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan yirik qadamlardan biri boʻladi”.
Uchrashuv ishtirokchilari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar:
Andrey Pirogov, GeoAlert kompaniyasi marketing direktori
“GeoAlert kompaniyamiz 2022-yilning mart oyida tashkil topgan. Biz IT Park rezidentimiz. Kompaniyamiz xalqaro miqyosda ish olib boradi. Jamoamiz 15 kishidan iborat boʻlib, biz butun dunyo boʻylab faoliyat yuritamiz.
Toshkentda ofisimiz bor va biz bu yerda mahalliy mutaxassislarni yollab loyihalarni amalga oshiramiz. Ularning ishlash tezligi va sifati bizni juda xursand qiladi. Bizning vakolatxonamiz Isroil, AQSh va Xitoyda ham mavjud.
Oʻzbekistonning hozirda IT-sohani rivojlantirish boʻyicha qilayotgan ishlarini va amalga oshirayotgan islohotlariga toʻxtaladigan boʻlsak – bu mening fikrimcha, juda ulkan oʻzgarishlarning boshidir. Bugun IT-Hamjamiyatning tashkil etilishi koʻplab mamlakatlar oʻrnak olsa arzigulik voqea boʻlmoqda.
Oʻylaymanki, kelgusida ushbu hamjamiyat biz kabi kichik startap loyihalar va yirik kompaniyalarni birlashtirib IT-sohani yanada tez rivojlanishiga hissa qoʻshadi”.
Aleksey Niskoromniy, Brain Garden rezident kompaniyasining operatsion menejeri.
Alekseyning soʻzlariga koʻra, u spikerlarning nutqlarini, muvaffaqiyatlari haqidagi hikoyalari – ular IT sohasiga qanday kelgani va unda qanday mustahkamlanganligi, shuningdek, umuman IT sohasiga boʻlgan qarashlarini tinglashga qiziqdi.
Bugungi tadbir koʻplab ishtirokchilarni jamladi, deya davom etadi u, bu yoshlarning raqamli sanoatga boʻlgan qiziqishidan dalolat beradi. Aleksey IT hamjamiyati hamfikrlarni toʻplaydigan platformaga aylanishiga ishonadi.
Kelajakda bunday tadbirlarda faol ishtirok etishni rejalashtirayotganini ham aytib o‘tdi.
Dildora Alimjanova, TechCells kompaniyasining loyiha menejeri.
“IT-Сommunity – bu IT sohasiga qiziqqan, ushbu sohada ishlaydigan va tahsil olayotgan har bir kishini birlashtiradigan hamjamiyat hisoblanadi. Hamjamiyat, albatta, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi va Oʻzbekiston IT sohasini yanada yuksaltiradi. Men ushbu dasturning bir qismi ekanligimdan juda faxrlanaman”.
2023-03-06