O‘zbekistonda IT Park university doirasida keng ko‘lamli roud-shou bo‘lib o‘tdi

19-iyul kuni IT-Park universitetining ochiq eshiklari kuni doirasida O‘zbekiston shaharlarida keng ko‘lamli “ITPU 2022” roud-shou yakunlandi. Ushbu tadbirdan maqsad yoshlarni ilk onlayn universitet bilan tanishtirish hamda universitet imkoniyatlari haqida ma’lumot berishdir.

Ikki guruhga bolingan IT Park va EPAM vakillari ajoyib sayohatga otlanishdi. Ular respublikaning 12 ta shahrida bo‘lib, ITPU 2022 roudshou doirasida 2000 ga yaqin yoshlar bilan uchrashdi.

1-guruh a’zolari: IT Park direktori o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, ITPU direktor o‘rinbosari Mixail Bogatyrev, ITPU viloyatlar bilan ishlash bo‘yicha katta mutaxassisi Aziza Shomamatova, EPAM dasturchisi Xojarbu Xaitmetova va EPAM Systems dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kichik muhandisi Munisa Azimxo‘jayeva.

2-guruh aʼzolari: IT Park direktori maslahatchisi Bohodir Ayupov, .NET EPAM Systems dasturchisi Aziza Abdurahmonova, ITPU Akademik dasturlar boʻlimi boshligʻi Konstantin Ovsyannikov va ITPU raqamli marketing boʻyicha mutaxassisi Sardor Rajapov.

Roadshow 15-iyul kuni Namangan va Samarqanddan boshlandi.

Tadbir Namangan shahrida Yoshlar markazi binosida 220 nafar yoshlar ishtirokida, Samarqand shahrida esa IT Park filiali binosida 50 nafar yoshlar istirokida o‘tkazildi. Tashkil etilgan sessiyalar davomida mutaxassislar tashrif buyuruvchilarga ushbu universitet bitiruvchilari uchun istiqbollar, onlayn ta’lim formatining afzalliklari, ITPUning asosiy fakultativ kurslari, shuningdek, oliygohga kirish shartlari haqida so‘zlab berdi.

Shu kuni yana ikki shaharda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Marg‘ilonda Raqamli texnologiyalar markazi binosiga 150 ga yaqin, Navoiy shahrida esa Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosiga 200 dan sal ko‘proq ishtirokchi yig‘ildi.

Safarning ikkinchi kuni ham birinchi kun kabi odamlar bilan gavjum bo‘ldi. IT Park va EPAM Systems jamoalari bir vaqtning o‘zida uchta shaharda: Andijon, Buxoro va Qarshida tadbirlar o‘tkazdi. Har bir shahardagi Yoshlar markazi binolarida ochiq eshiklar kunlari o‘tkazildi. Andijon va Buxoroda sessiya har bir shaharda taxminan 50-60 kishini jamlagan bo‘lsa, Qarshidagi tadbirda 200 ga yaqin kishi qatnashdi.

Roudshow’ning navbatdagi manzili 17-iyul kuni Termiz shahrida Yoshlar markazi binosida seminar bo‘lib o‘tdi va unda yosh bolalar va ularning ota-onalariga IT yo‘nalishining istiqbollari haqida so‘zlab berildi hamda taqdimot o‘tkazildi. Termizga rekord darajada, 250 ga yaqin odam tashrif buyurdi.

18-iyul kuni guruhlardan biri Jizzax va Gulistonga yo‘l oldi. Jizzax shahridagi uchrashuv Yoshlar media markazi binosida, Guliston shahridagi tadbir “Barkamol avlod” markazida bo‘lib o‘tdi. Har ikki shaharda jami 400 dan ortiq odam yig‘ildi. Tadbir so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Tadbirning so‘nggi kuni 19-iyulda Nurafshon va Urganch shaharlarida o‘tkazildi va 400 ga yaqin ishtirokchini birlashtirdi.

Nurafshon shahrida Yoshlar markazi binosida, Urganch shahrida esa IT Park filiali binosida IT Park universiteti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ekskursiya doirasida boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi u yerda ham yoshlar va ularning ota-onalariga ITPUda o‘qish uchun poytaxtga yoki hatto o‘z viloyatlarining ma’muriy markazlariga ko‘chib o‘tish shart emasligi, ta’limni uyda yoki IT Park ofislarida (poytaxtda yoki viloyatda) olish mumkin ekanligi tushuntirildi.

Har bir shaharda tadbir so‘ngida tashrif buyuruvchilarga universitet haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha fikr almashish imkoniyatini yaratish maqsadida qahva tanaffusi tashkil etildi. Tadbirga ko‘ngilochar ruh bag‘ishlash maqsadida esa ishtirokchilar o‘rtasida sovrinli o‘yinlar o‘tkazildi.

Uchrashuv so‘ngida barcha shaharlardagi eng faol ishtirokchilarga IT Park universitetining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, universitet AKT vazirligi koʻmagida IT Park va EPAM kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Oliygoh dasturi IT sohasida zamonaviy va ommabop yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgani va O‘zbekiston iqtisodiyotni raqamlashtirishga o‘tish yo‘lini egallaganligi sababli, IT sohasidagi kasblar bugungi kunda ayniqsa dolzarb va talabgir boʻlib qolmoqda. 

Shuningdek, avgust oyida yana ikkita shahar, Toshkent va Nukusda ochiq eshiklar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning aniq sanasi va vaqti keyinroq e'lon qilinadi.

2022-07-22