O‘zbekistondagi ochiq ma’lumotlarga bag‘ishlangan seminar va “Open Data Challenge 2020” xakatoni g‘oliblarini taqdirlash marosimi

Joriy yilning 2-aprel kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar ekotizimining amaliy ahamiyati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida seminar hamda IT Park tomonidan Davlat statistika qo‘mitasi (UZSTAT) va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori (RCUz) ko‘magida tashkil etilgan “Open Data Challenge 2020” xakatoni g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda IT Park mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi (UZSTAT) Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultonov hamda “Open Data Challenge 2020” xakatoni g‘oliblari va boshqalar ishtrirok etishdi.

Seminar O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan edi. Tadbirda ishtirok etgan yoshlar fursatdan foydalanib, o‘z loyihalarini taqdim etishdi va tashabbuslarini amalga oshirish uchun ochiq ma’lumotlar katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

 

Seminar davomida “Open Data Challenge 2020” xakatoni g‘oliblari ishtirokchilarga xakaton davomida ishlab chiqqan loyihalari haqida so‘zlab berdi. Ta’kidlash joizki, xakaton g‘oliblari ochiq ma’lumotlar sohasining davlatimiz iqtisodiyoti va madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tishdi.

Qolaversa, spikerlar sifatida  “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi bo‘limi boshlig‘i  Doniyor Maksumov – “O‘zbekiston Respublikasi Ochiq Ma’lumotlar Portalining yangi versiyasini ishlab chiqish” mavzusi bilan va Raqamli transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Filippova “Ochiq ma’lumotlar bo‘yicha startap loyihalarning akseleratsiya dasturini joriy qilish” mavzusi bilan ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida IT Park akseleratsiya dasturi ishtirokchilari uchun akseleratsiya vorkshopi bo‘lib o‘tdi. Aytish joizki, akseleratsiya dasturiga 2021-yilning 19-aprel kuni start beriladi. (IT Park akseleratsiya dasturida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish muddati – 2021-yil 13-aprel).

Vorкshop spikeri sifatida “MODME” MChJ kompaniyasi texnik rahbari va asoschilaridan biri Ruslan Yo‘ldoshev ishtirok etdi. U  ishtirokchilarga ochiq ma’lumotlar nima, ularni qayerdan olish va qanday ishlatish haqida ma’lumot berdi va dunyo miqyosida ishga tushirilgan loyihalardan namunalar ko‘rsatdi.

2021-04-08