O'zbekistonga yashash va ishlash uchun kelgan IT-mutaxassislar haqida hikoya qilishda davom etamiz.
Ruknimizning bugungi qahramoni belaruslik 32 yoshli Timur Mindarov. U Itransition kompaniyasida DevOps muhandisi sifatida ishlaydi.
“Itransition” kompaniyasida o'tgan yilning iyul oyidan beri faoliyat olib boradi. Endi uning vazifalariga dasturiy ta'minotni yig'ish va yetkazib berishni avtomatlashtirish, infratuzilmani sozlash va nosozliklarni bartaraf etish kiradi. Ya'ni, bunda dasturchi kod yozishni tugatgan bo'ladi, lekin dastur hali ishga tushirilishi kerak - dasturni yig'ish va yetkazib berishni avtomatlashtirish, dastur ishlaydigan infratuzilmani sozlash va monitoringni ta'minlash.
Shu yilning mart oyida Temur O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan, biroq uzoq vaqt beri Minskni tark etish haqida o'ylagan.
“Esimda, 2012-yilda qayerdadir, bu fikrlar menga birinchi marta paydo bo'lgan: hech bo'lmaganda bir muddat biron joyga ko'chib o'tishim kerak. Keyin turli xil variantlarni ko'rib chiqdim. Hamma AQSh va Yevropaga borishi aniq, lekin men yana boshqa variantlar ham bordir, deb o'yladim. Balki O'zbekistondir? Men mamlakat haqida batafsil ma'lumot izlay boshladim. Internetdagi maqoladan shahar ko'rinishidagi bir nechta rasmni eslayman. U menda juda katta taassurot qoldirdi. Ushbu taassurot bilan men 2022-yilda qaror qabul qildim.”
Lekin ta’sirli sur’atdan tashqari, meni O‘zbekistonni tanlashimga undagan yana bir sabab bor.
“Dastlab O‘zbekiston, Qozog‘iston va Gruziya o‘rtasida tanlov qildim. Otamning o‘zi ham O‘zbekistondan. Bu yurt haqida kam gapirardi, lekin ota-bobolarimning vatanini ko‘rish men uchun qiziq edi. Dadam yana Belarusda yaxshi qovunlar yo'qligini aytadi, menga esa qiziq: yaxshi qovun degani nima ekan?
Aytgancha, qovunlar uni hafsalasi pir qilmadi, deydi Temur: ular haqiqatan ham shirin va endi qahramonimiz haqiqiy qovunning mazasi qanday bo'lishini tushunib yetdi.
Bundan tashqari, Temur soyada 40-45 daraja nima ekanligini his qilib ko'rishni xohladi. Temur tan olganidek, ilgari bunday issiqqa qanday chidash mumkinligini tasavvur ham qilolmasdi.
“Endi angladim, bu unchalik qo'rqinchli emas ekan, chidasa bo'ladi. Belorussiyada 30 daraja va yuqori namlikda chidab bo'lmas holga keladi, ammo bu yerda havo quruq. Issiq havoda sayr qilishni yaxshi ko'raman.”
Qahramonimiz ko'chish bilan bog'liq muammoga duch kelmadi.
“IT Park transfer xizmatini taqdim etdi va SIM-karta berdi. Ular menga hujjatlarni rasmiylashtirishda ham yordam berishdi, shuning uchun hamma narsa tez va oson o'tdi. Keyinchalik, qiz do'stim yonimga ikki marta tashrif buyurganida, men mustaqil ravishda ro'yxatdan o'tish jarayoni bilan tanishdim. IT Park yordamisiz jarayon uzoq va xoriqtirar darajada kechar edi. Tashkilot uy-joy topishda ham yordam berishini bilaman, lekin kvartirani o‘zim tanladim”.
Mutaxassisning fikricha, O'zbekistonda IT sohasi endigina rivojlanmoqda.
“Belarus bilan solishtirganda, bu yerda hamma narsa endi boshlanmoqda. Va endi men o'tmishga qaytganimni his qilyapman. Bularning barchasi biz bilan bo'lgan, lekin faqat oldinroq. Lekin ishonchim komilki, yaqin kelajakda hammasi o'zgaradi, chunki O'zbekiston hukumati ijobiy o'zgarishlar uchun katta ishlarni amalga oshirmoqda”.
Hikoya qahramoni texnika do'konlari va hayotni osonlashtiradigan ilovalar yo'qligini aytadi.
“Belarusda dori-darmonlarni qidirish uchun veb-saytimiz bor. U butun mamlakatni qamrab oladi. U yerda siz dori nomini kiritasiz va xaritada dori qayerda sotilayotgani, qancha turadi va qanday analoglari borligi ko‘rsatilgan. Siz hatto dori sotib olishni bron qilishingiz mumkin, keyin esa dorixonaga borib, uni sotib olishingiz mumkin. Bu yerda men uni juda sog'indim. Albatta, botlar bor, lekin ular menga unchalik qulay tuyulmadi. (Maqola chop etilgunga qadar Timur juda o'xshash funksiyaga ega bo'lgan dasturni topgan edi- muharrir eslatmasi)
Bank ilovalari borasida ham Timur shu fikrda.
“O‘zbekistondagi ayrim banklar ilovalari bor. Aytaylik, siz undan foydalanishingiz mumkin, ammo interfeys sifatsiz. Yoki, masalan, ilova ajoyib ko‘rinadi-yu, undan foydalanishni boshlaganingizda, faqatgina ko‘rinishi zo‘rligini anglaysiz”.
Internetga kelsak, qahramonimiz bu masalada xotirjam.
“Ko‘pchilikning internetdan shikoyat qilishini eshitdim. Albatta, Belarusdagidan ba'zi farqlar borligini payqadim, lekin men uchun bu unchalik muhim emas, umuman olganda, ishlash uchun juda qulay.”
Temurning eslashicha, bu yerda u naqd pul qilish muammosi bilan duch kelgan.
“Bu yerga kelib, mehmonxonaga ro‘yxatdan o‘tgunimda pulni almashtirishga ulgurmadim. Mehmonxonada dollar bilan to‘lasa bo‘ladimi, deb so‘rasam, “yo‘q” deyishdi. Muammo shundaki, hodisa dam olish kunlaridan bir kun oldin ro‘y berdi, banklar ishlamasligini bilmasdim.”
Temur ayirboshlash punktlarini topish umidida shahar markaziga bordi. Buning o'rniga u bankomatlarni topdi, avvaliga uskunalar qahramonimizda shubha uyg‘otdi.
“Belarusda dam olish kunlari yoki kechgacha ishlaydigan banklar mavjudligiga o'rganib qolganman. Bu yerda bankomatlardan foydalanishdan qo‘rqardim. Mashinaga dollar berib, u sizga nimadir qaytaradi, deb umid qilish juda g‘alati. Natijada, u mendan dollarlarni oldi, lekin so'm qaytarmadi. Shuni his qilgan edim…”
Lekin hammasi hal bo‘ldi. U chekni olib, taksi haydovchisiga qaytishda muammoni aytdi. Taksi haydovchisi bank bilan bog‘lanib, muammoni tushuntirdi va bir necha kundan so‘ng Temur pulini olish uchun bankka bordi.
Qahramonni hayratda qoldirgan yana bir muammo - bu yo'l.
“Men tez-tez odamlarni noto'g'ri joyda yugurib ketayotganini ko'raman. Belarusda bu juda kam uchraydigan hodisa. Boshqa tomondan, piyodalar o'tish joylari juda kam, haydovchilar tartibga solinmagan piyodalar o'tish joylaridan ulni o'tkazib yuborishni istamaydilar. Toshkentning yana bir e'tiborga molik jihati shundaki, haydovchilar tinimsiz signal chalishadi, bu yomon. Misol uchun, bizning mamlakatimizda, signal chalish, bu xavf haqida ogohlantirish belgisidir, ammo bu yerda odamlar doimiy signalga o'rgana boshlab, haqiqatan ham jiddiy narsaga reaksiya bermasliklari mumkin.”
Ammo ruknimiz mehmoni taksi narxidan juda mamnun: uning so'zlariga ko'ra, shaharning u chetidan bu chetiga 4 dollarga borish mumkin.
“Bu meni quvontiradi, doim taksida yuraman va hatto o'zbekchada “chapga buriling, o'ngga buriling” iboralarini o'rgandim.”
Qahramonimizda o'zbeklar haqidagi taassurotlar faqatgina ijobiy.
“Menga o'zbek xalqining bir xususiyati yoqadi: odamlar bir-birlari bilan “siz” deb muloqot qilishadi. Bu muloqotga o'zgacha ruh bag'ishlaydi, ushbu vaziyatda qo'pollik qilish qiyin.”
Shuningdek, u til borasida to'siqlarga duch kelmaganidan xursand, chunki aholining aksariyati rus tilida gaplashadi yoki tushunadi.
Ayniqsa, o'zbek taomlari unga manzur bo'ldi.
“Otam shu yerlik bo'lgani sababli uyda palov pishirardik. Lekin men doim o'zbeklar pishirgan haqiqiy palovni tatib ko'rishni xohlardim. Endi men uning ko'rinishi qanday bo'lishi va qanday ta'mga ega ekanligini bilaman. Uydagidan farqlar bor, lekin unchalik katta emas.”
Meva-sabzavotlar va umuman taomlar unga yoqdi. U sog'inadigan yagona narsa - cho'chqa go'shti.
"Belarusda kolbasa va dudlangan go'shtlarning katta tanlovi mavjud, cho'chqa go'shtini har bir do'konda topish mumkin va tayyor mahsulotlar assortimentijuda katta. Bu yerda u deyarli iste'mol qilinmas ekan. Ammo qolgan hamma narsa ajoyib, mazali va hamyonbop. O'zbek oshxonasi juda xilma-xil, menimcha, taom yetkazib berish ilovasidagi sharq taomlarining hammasini ham tatib ko'rmadim”.
Hikoyamiz qahramoni ta'kidlaganidek, O'zbekiston xilma-xillikka to'la mamlakat.
“Bu yerda meni hayratga soladigan narsa shu: bir tomondan, masalan, Afrosiyob tezyurar poyezdi bor – ajoyib narsa, Belarusda u yo'q. Boshqa tomondan esa,masalan, boshqa poyezdda qaytib ketayotganimda, kupe narxi 25 dollar turadigan o'zgartirilgan sovet poezdi. Unda na choy yoki qahva sotiladi, na konditsioner bor. Shunaqasi ham bo'ladimi?! Hashamatli zamonaviy binolar, qimmatbaho turar-joylar va mashinalar bor, ayni paytda, aytaylik, kambag'allik ham bor.”
Temurning ta'kidlashicha, mamlakat juda go'zal, boy tarixga va qiziqarli diqqatga sazovor joylarga ega.
Qahramonimiz Toshkentdan tashqari Samarqand va Buxoroda ham bo'lgan.
“Uyimizda Minora chiroq bor edi. Men bu shaharlarga tashrif buyurganimda, uning hayotda qanday ko'rinishini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Hamma narsa sharqona ertakga o'xshaydi. Ikkala shaharda ham ko'plab diqqatga sazovor joylar mavjud. Bu tarix ixlosmandlari uchun jannatdir. Buxorodagi eski shahar tor ko‘chalari, ko‘hna, asosan sarg‘ish imoratlari bilan “Olmos qo‘l” (“Бриллиантовая рука”) rus filmini eslatdi”.
Toshkentning issiq ob-havosi mehmonimizni cho'chitgani yo'q. Aksincha, u buni katta plyus deb hisoblaydi.
“Odatda qishda, Belorusda vazn to'playman, faqat yozda ozaman. Bu yerda esa yoz juda uzoq cho'zilar ekan, demak, vaznimni me’yorda ushlab turishim mumkin”
Temur boshqa joyga ko'chib o'tmoqchi bo'lgan barcha do'stlariga O'zbekistonga kelishni tavsiya qiladi. U ularga diqqatga sazovor joylar, madaniyat va oshxona haqida, shuningdek, ko'chish qulayligi haqida gapirib beradi.
“Agar O‘zbekistonda uzoq muddatli yashashni hisobga oladigan bo‘lsak, afzalliklaridan biri bu mamlakatning IT sohasidagi istiqbolidir. Afsuski, IT-xablar asta-sekin yo'q qilinmoqda. Belorussiya, Ukraina va Rossiyadan mutaxassislar turli mamlakatlarga ishlash uchun jo'nab, u yerda yangi IT kompetensiyalarini jamlamoqdalar. O'zbekistonda IT-mutaxassislar va IT-biznes uchun ajoyib sharoitlar yaratilgan va bu yerda yaxshi istiqbolga umid qilish mumkin. O'zbekiston hukumati va IT-Park bu sohani rivojlantirish uchun katta ishlarni amalga oshirmoqda”.
Temur O'zbekistondan o‘zi bilan eng iliq xotiralar va esdalik sovg‘alarini olib ketmoqchi.
“Nimanidir o'zgartirish vaqti kelganini his qilmagunimcha bu yerda qolaman. Hozircha esa ushbu ajoyib mamlakatdagi hayotimning har bir daqiqasidan zavq olmoqdaman”.
2022-08-24