One Million Uzbek Coders doirasida Toshkentning “Top-100 ta o‘qituvchisi”

Joriy yilning 16-iyul sanasida IT Park’da One Million Uzbek Coders loyihasi tomonidan o‘tkazilgan “Top-100 o‘qituvchi” tanlovi doirasida 3 ta informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

IT Park tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magi bilan ishga tushirilgan One Million Uzbek Coders loyihasi doirasida “Informatika va axborot texnologiyalari fanidan top 100 ta o‘qituvchi” tanlovi tashkillashtirildi. Ular orasidan 3 ta o‘rin Toshkent shahridan kelgan informatika fani o‘qituvchilariga buyurdi.

Shu munosabat bilan, 2021-yil 16-iyul kuni IT Park’da “Top 100 ta o‘qituvchi” ro‘yxatiga kiritilgan informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini taqdirlash munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Tanlov natijalari ishtirokchilarning “One Million Uzbek Coders” kurslarini tamomlagan o‘quvchilari soniga qarab aniqlandi.

Tadbirning asosiy mehmonlari sifatida IT Park direktori innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, IT Park oquv loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘yicha bosh mutaxassis Nodira Rahimjonova, loyiha menejeri Nurbek Haydarovlar ishtirok etdi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park tomonidan 4,9 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari hamda sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Bu kabi tanlovlarning tashkil etilishi yurtimizda malakali IT mutaxassislar va informatika fani o‘qituvchilari sonining ko‘payishiga turtki bo‘ladi. “One Million Uzbek Coders” loyihasi bu bilan cheklanib qolmasdan, aholining axborot texnologiyalari va tendentsiyalariga oid ma’lumotlardan xabardorligini oshirishga harakat qiladi.

2021-07-29