«One Million Uzbek Coders» loyihasi bir yoshga toʻldi!

2020-yilning 21-noyabrida «One Million Uzbek Coders» loyihasi oʻz yubileyini nishonlamoqda, bundan aynan bir yil avval shu kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida keng koʻlamdagi «One Million Uzbek Coders» («Bir million dasturchi») loyihasi ishga tushirilgan edi. Tantanali marosimda ishtirok etgan mehmonlar orasida Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulla al-Gergaviy boshchiligidagi delegatsiya, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi Oʻzbekiston hukumati hamda mamlakatimiz turli vazirlik va idoralari rahbarlari bor edi.

Dasturchilarni masofadan oʻqitish loyihasi dastlab BAAda «One Million Arab Coders» nomi ostida ishga tushirilgan edi. 2019-yil mart oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan rasmiy tashrifi doirasida bir qator jabhalarda, shu jumladan, IT-sohasida ham kelishuvlarga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati mazkur loyihani Oʻzbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini oʻrganib, konsepsiyani mamlakat sharoitlariga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va mahalliy darajadagi «One Million Uzbek Coders» deb nomlangan tashabbusni yoʻlga qoʻydi.

Oʻzbekistonda loyiha IT Park, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «Dubay Future Foundation» jamgʻarmasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, IT Park huzuridagi IT-akademiya hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT-maktab bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Eslatib oʻtamizki, ushbu loyiha maxsus onlayn portal orqali aholining keng qatlamlarini masofadan bepul oʻqitishni nazarda tutadi. Dasturning maqsadi - raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini yaratish, barcha vositalar – dasturlash koʻnikmalari bilan ta’minlashdir.

Loyiha global mehnat bozorida eng koʻp talab boʻlgan 4 turdagi mutaxassislarni tayyorlashni oʻz ichiga oladi: Ma’lumotlarni tahlili, Android-ishlanmalar, Frontend-ishlanmalar hamda Fullstack- ishlanmalar. Umumiy kurs 120 soatga moʻljallangan boʻlib, har bir bosqichning natijalari laboratoriya ishlarini tayyorlash hamda tegishli sertifikatlarni qoʻlga kiritish bilan yakunlanadi.

Kurslarning muvaffaqiyatli bitiruvchilari grantlar uchun raqobatlashib, Udacity platformasi Nanodegree dasturining 100 dan ortiq dasturlaridan birini oʻrganishni davom ettirishlari mumkin boʻladi. Buning uchun yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli tarzda topshirish hamda eng yuqori ballarga ega boʻlgan Top-150 talabalari safidan oʻrin olish lozim. Shuni ta’kidlash kerakki, Nanodegree diplomlari dunyo IT-sanoati gigantlari hisoblangan Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqalar tomonidan e’tirof etiladi.

«One Million Uzbek Coders»ning bir yil mobaynidagi natijalari

Loyihani amalga oshirishning butun davrida uzbekcoders.uz platformasida 85 ming kishi roʻyxatdan oʻtgani holda, ulardan 22 ming talaba Loyiha ishtirokchilari sertifikatiga ( milestone 1), 10 ming talaba esa Kursni tamomlaganligi toʻgʻrisida sertifikatlarga ega boʻldi (milestone 2).

Loyihani puxta oʻzlashtirish hamda maktab oʻquvchilari va talabalarni kelgusida ham oʻqitish maqsadida «One Million Uzbek Coders» maydonchasida 2 200 dan ortiq maktablarning informatika fani oʻqituvchilari uchun 4 soatlik vebinarlar oʻtkazildi.

Shuningdek, Oliy oʻquv yurtlarining 251 nafar professor-oʻqituvchilari, Yoshlar ittifoqining 450 ga yaqin faollari hamda 400 dan ortiq ixtisoslashtirilgan maktablarning informatika fani oʻqituvchilari uchun uchun kirish onlayn seminarlari tashkil etildi.

Oʻzbekistonning 2 137 maktabida «Informatika» fani bilan bir qatorda «One Million Uzbek Coders» dasturi boʻyicha ta’lim joriy etiladi.

Loyiha, shuningdek, «ZiyoNET» ta’lim portali, Uzmobile mobil aloqa operatori va Uzonline Internet-provayderining bepul xizmatlariga ham joriy etildi. «One Million Uzbek Coders» loyihasining axborot resurslari «ZiyoNET» tarmogʻining yagona reyestriga kiritilgan.

Loyihaning faol ishtirokchilari uchun tashkil etilgan sovrin jamgʻarmasi 6 ming AQSh dollari miqdoridagi tanlovda 12 ming kishi ishtirok etganligi haqida eslatib oʻtish joiz.

Bundan tashqari, loyiha doirasida 3 ta saralash bosqichi oʻtkazilishi natijasida Udacity Nanodegree dasturi boʻyicha bepul ta’lim olish uchun 150 nafar grant (har bir tur uchun 50 nafardan) sohiblari aniqlandi.

One million Uzbek Codersning istiqboldagi rejalari

Maktab oʻquvchilarida axborot texnologiyalari sohasini singdirish va ushbu yoʻnalishni yoshlar orasida ommalashtirish maqsadida "One Million Uzbek Coders" loyihasi umumta’lim maktablarining 5-11 sinflari "Informatika" fani boʻyicha oʻquv dasturiga joriy etiladi.

Shuningdek, 5-11-sinflarning "Informatika va axborot texnologiyalari" fani oʻquv dasturlariga dasturlash tillarini oʻqitishni kiritish ham koʻzda tutilmoqda.

"One Million Uzbek Coders" loyihasi tufayli koʻplab odamlar axborot texnologiyalari dunyosi bilan tanishishdi, oʻxshash fikrlaydigan odamlarni topishdi va dasturiy ta’minotda yaxshi asos yaratdilar, bu esa It-ning dovonlarini yanada bosib oʻtish va professional IT-mutaxassis boʻlishga yordam beradi.

Siz ham loyiha ishtirokchisiga aylaning va "One Million Uzbek Coders" katta jamoasining bir qismi boʻling: http://uzbekcoders.uz

 

 

2020-11-21