26-yanvar kuni soat 14:00 da UzDIF va IT Park tomonidan tashkil etilgan vebinar boʻlib oʻtdi. Yevropaning “PortfoLion” venchur kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda IT-sohasidagi istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻzlarining investitsiya imkoniyatlari haqida gapirib berishdi.
Tadbirning maqsadi — innovatsion, texnologik va/yoki raqamli loyihalarni joriy etish bilan shugʻullanuvchi rivojlanayotgan kompaniyalar orasida mahalliy hamkorlarni izlashdan iborat.
“PortfoLion” kompaniyasi mutaxassislari kompaniyalarning kapitallashuvini oshirish va Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha takliflarni taqdim etishdi. Shuningdek, ular mamlakatning texnologik taraqqiyotini kuchaytira oluvchi salohiyatli loyihalarni tanlash mezonlari haqida ham soʻz yuritdilar.
Vebinar ishtirokchilari investitsiya loyihalari salohiyatini muhokama qilishdi va ularni xorijiy investorlar tomonidan moliyalashtirishga qiziqish bildirishdi. Mahalliy IT-kompaniyalar uchun vebinar investorlarning afzalliklari bilan bevosita tanishish, xalqaro sarmoyalarni jalb qilish hamda Oʻzbekiston va undan tashqarida ishbilarmonlik va texnologiya sohasini rivojlantirish maqsadida yangi istiqbollarni ochish uchun noyob imkoniyat yaratdi.
Tadbir kompaniyalar orasida katta qiziqish uygʻotdi, ular 45 daqiqa davomida oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va vebinar soʻngida fursatdan foydalanib, oʻz loyihalarini UzDIF va “PortfoLion” kompaniyalariga taqdim etishdi.
Eslatib oʻtamiz, “PortfoLion” kompaniyasi 0,5 dan 30 million yevrogacha boʻlgan moliyaviy yordamni taklif qiladi, shu bilan birga ushbu kompaniyalar kapitalidagi kichik va asosiy ulushlarni sotib oladi. Kompaniya biznes-jarayonlarni optimallashtirish, mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, strategik hamkorlarni topishga yordam beruvchi sanoat tajribasini taqdim etadi. Bundan tashqari, “PortfoLion” kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishida koʻmaklashadi. UzDIF — mahalliy moliyaviy maslahatchi va “PortfoLion” kompaniyasining qoʻshma investori.
2024-01-26