President Tech Award tanlovi haqida nimalarni bilish lozim?

Quyida “President Tech Award” nima ekanligi, startaplarni kim baholashi va sovrin jamg‘armasi qay tarzda taqsimlanishi haqida aytib beramiz.

Hammasi nimadan boshlandi?

Joriy yilning fevral oyida ommaviy axborot vositalarida “Prezident Tech Award” tanlovi o‘tkazilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Tegishli qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yil 15-fevralda qabul qilinib, imzolandi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. IT-hamjamiyat bilan Astrum IT akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yosh tadbirkorlar g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanishining tasdig‘i o‘laroq tanlov sovrin jamg‘armasi e’lon qilindi!

“Prezident Tech Award” o‘zi nima?

“President Tech Award” – raqamli texnologiyalar sohasidagi eng ilg‘or startap loyihalarini aniqlashga bag‘ishlangan tanlovdir. U asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linadi.

 Asosiy yoʻnalishlar quyidagi toifalarni oʻz ichiga oladi:

 1. Sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar;

 2. Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar;

 3. Axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;

 4. Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;

 5. Kompyuter va mobil oʻyinlar.

72 soat ichida raqamli yechim yaratishni nazarda tutuvchi Xakaton Gran-prisi esa maxsus yo‘nalishga aylanadi.

Tanlovni o‘tkazishga nima turtki bo‘ldi?

O‘zbekistonda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ulardan eng yirigi – mukofot jamg‘armasi 100 000 AQSh dollaridan oshmagan, ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari o‘rtasida davlat xizmatlari sohasida mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha “mGovAward” tanlovi edi. Aynan mana shu yangi tanlov uchun zamin yaratdi.

Ma’lumot uchun:

“mGovAward” O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari vazirligi ko‘magida o‘tkazib kelingan. Ilk tanlov 2019-2020-yillarda, ikkinchi to‘lqin 2021-yilda bo‘lib o‘tgan, va loyiha 2022-yilda o‘z yakuniga yetgan. Aynan mana shu tanlov “President Tech Award” uchun asos sifatida xizmat qildi, yagona farqi shundaki, birinchisi talabalar o‘rtasida o‘tkazilib, davlat uchun mobil ilovalarni ishlab chiqishga qaratilgan edi.

Dasturning ikkala to‘lqinida O‘zbekiston bo‘ylab 10 000 dan ortiq o‘g‘il-qizlar, 92 ta universitet va maktablar qatnashdi.

Tanlov tufayli mobil dasturchilar hamjamiyati ishga tushirildi, unda ishtirokchilar bir-biri bilan o‘zaro fikr almashishdi. Loyiha g‘oliblari hozirdanoq o‘z yechimlarini davlat organlariga integratsiya qilmoqdalar, “Don’t Waste” startapi esa Butunjahon hukumatlar sammiti doirasida BAA hukumati tomonidan tashkil etilgan “Best Global M-Gov” tanlovida 2-o‘rinni egalladi. Qizig‘i, jamoani shaxsan Misr prezidenti taqdirlagan!

“President Tech Award”ning barcha bosqichlari “mGovAward” va boshqa xalqaro tanlovlar misolida ishlab chiqilgan.

Tanlov bosqichlarini qayerda kuzatish mumkin?

Shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash uchun barcha bosqichlar maxsus portal – veb-saytda o‘tkaziladi, unda tanlov haqidagi barcha ma’lumotlar joylashtiriladi. Ishtirokchilar ushbu platforma orqali “President Tech Award” tashkilotchilari bilan ham o‘zaro aloqada bo‘lishadi.

Maxsus portal – barchasi mujassam bo‘lgan platforma. Bu yerda ishtirokchilar jamoa bo‘lib to‘planishlari, o‘z yo‘nalishini tanlashlari va ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi. Loyihani yakunlash va arizani qayta yuborish mumkin, lekin faqat ma’lum bir vaqtgacha. Keyingi bosqichga o‘tish yoki o‘tmaslik haqidagi ma’lumotlar ham maxsus platforma orqali yuboriladi. Portalda OneID orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi.

Loyihalar qanday baholanadi?

Tanlovning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar ommaviy ovoz berish yo‘li bilan, hakaton (maxsus yo‘nalish) g‘oliblari esa mustaqil kompaniya tomonidan aniqlanadi.

Mustaqil kompaniya?!

Ha. Barcha baholash jarayoni tender orqali tanlab olinadigan maxsus mustaqil kompaniya tomonidan amalga oshiriladi. U startaplar, venchur fondlari bilan ishlash, biznesni rivojlantirish, texnik jarayon, ayniqsa IT sohasida ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lishi kerak. Kompaniya startap-sanoat bilan bog‘liq bo‘lgan turli soha mutaxassislari va ekspertlarni jalb etib, hakamlar loyihalarni xolis va adolatli baholashini ta’minlaydi. Ovoz berish ham portalda bo‘lib o‘tadi.

Ilk bosqich onlayn tarzda, jamoalar ishtirokisiz, faqat to‘ldirilgan arizalar asosida o‘tkaziladi. Har bir asosiy yo‘nalish bo‘yicha 10 ta eng yaxshi loyiha aniqlanadi.

Jami 50 ta loyiha keyingi bosqichga – “Demo Day”ga o‘tadi, unda jamoalar o‘z loyihalarini bir necha kun davomida mutaxassislarga oflayn tarzda taqdim etadilar. “Demo Day”da maxsus yo‘nalish - xakaton o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunda ishtirokchilar 72 soat ichida ma’lum muammoni yechishga qaratilgan mahsulotni ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi. Aytgancha, tanlov ishtirokchilariga bir vaqtning o‘zida asosiy yo‘nalishlardan birida va xakatonda ishtirok etishga ruxsat beriladi.  

Kimga qancha to‘lanadi?

Hujjatga ko‘ra, tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linib, umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etadi.

Xakatonda faqat bitta g‘olib jamoa bo‘ladi. Pul mukofoti – 100 000 AQSh dollari.

Asosiy yo‘nalishning har bir toifasi bo‘yicha sovrin jamg‘armasi quyidagicha taqsimlanadi: 1-o‘rin — 100 000 AQSh dollari; 2-o‘rin — 50 000 AQSh dollari; 3-o‘rin — 30 000 AQSh dollari.

Asosiy yo‘nalishlarda jarayon uzoqroq davom etadi. Barcha jamoalar birinchi navbatda e’lon qilingan mukofot jamg‘armasining 50 foizini oladi. Shundan so‘ng, KPI tizimi joriy etiladi, uning natijalariga ko‘ra 25% miqdorida 2 va 3-transhlar beriladi. Foizlar bir yil ichida to‘lanadi. Agar jamoa ma’lum natijalarga erisha olmasa va o‘sish kuzatilmasa, keyingi transhlar to‘lanmaydi, chunki tanlov loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan, ya’ni loyihalar va ularni tadbiq etish moliyalashtiriladi.   

Nimalar amalga oshirildi va oldinda qanday vazifalar turibdi?

Ayni paytda loyihalarni baholovchi mustaqil xalqaro kompaniyani jalb etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. awards.gov.uz domeni ostidagi maxsus platformani yaratish bo‘yicha ishlar o‘z nihoyasiga yetmoqda. Platformani aprel oyining oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

“President Tech Award” uchun arizalarni qabul qilish 1-mayda boshlanadi va 1-iyulda tugaydi. Arizalarni dastlabki saralash jarayoni 1-iyuldan 25-iyulgacha, so‘ngra, saralangan loyihalarni onlayn baholash (5-sentabrdan 5-oktabrgacha), oflayn baholash (Demo day, 5-noyabrdan 10-noyabrgacha) hamda g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash – 20-noyabrdan 25-dekabrgacha bo‘lib o‘tadi.

Tanlovda 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar ishtirok etishiga ruxsat etiladi. Asosiy yo‘nalishlarda faqat O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Maxsus (hakaton) yo‘nalishda esa IT Park rezident kompaniyalari xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham qatnashishi mumkin.

2023-04-17