Qirg‘iziston delegatsiyasi IT Parkga tashrif buyurdi

15-dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va migratsiya vazirligi delegatsiyasi “IT Park Uzbekistan”ga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston IT va mehnat bozori tendentsiyalari, shuningdek, IT-Park faoliyati bilan tanishish.

Delegatsiya tarkibi: Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya vazirligi Migratsiya boshqarmasi boshlig‘i Jipara Mambetova, Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya vazirligi Migratsiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Arlen Aliyasov, “Insan-Leylek” jamoat fondi rahbari Gulnora Derbisheva va Qirg‘iziston Respublikasi parlamenti raisi huzuridagi Migratsiya kengashi kotibiyati eksperti Ulan Shamshiev.

Tashrif davomida mehmonlarga so‘nggi yillarda IT sohasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar, xususan,  soliq imtiyozlari va preferensiyalar, mamlakatimizda IT-taʼlim va IT infratuzilmasi sohasidagi loyihalar haqida so‘zlab berildi.

Shuningdek, delegatsiya vakillariga O‘zbekistonning mintaqaviy IT-xab sifatida shakllangani, mamlakatimizda barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligi va ushbu soha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi.

Qolaversa, mehmonlar IT-parkning IT-eksport hajmini va rezident IT-kompaniyalar sonini oshirish borasidagi muhim yutuqlari bilan tanishdilar; mamlakatimizda keng ko‘lamli “ One Million Uzbek Coders” onlayn IT-ta’lim loyihasi, ayollar va yoshlarni IT sohasiga qo‘llab-quvvatlash va jalb qilish loyihalari amalga oshirilmoqda, buning natijasida 2,5 million kishi fundamental bilimlarga ega bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida har ikki davlatda BPO yo‘nalishini rivojlantirish, BPO korxonalari uchun yaratilgan imkoniyatlar, bu yo‘nalishda ish o‘rinlari ko‘payishi va uning mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’siriga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdimotning asosiy qismidan so‘ng mehmonlarga IT Park majmuasi hududi bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan IT bozori hamda AKT sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha va ta’lim dasturlarining ijobiy samarasini qayd etdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda IT-sanoatni rivojlantirish yo‘nalishida tajriba va bilim almashishga kelishib oldilar.

2022-12-16