Raqamlashtirish sohasida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Xususan, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlik axborot texnologiyalari hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni jadal rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Tomonlar uchrashuvda DataVolt kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda barpo etilayotgan “Yashil” ma’lumotlar markazi loyihasining amalga oshirilish jarayoni haqida fikr almashdilar. Loyihaning joriy holati, shuningdek, uning keyingi bosqichlarini davom ettirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazir Sherzod Shermatov Saudiya Arabistoni bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik namunasi sifatida boshqa davlatlar uchun ham ko‘rsatish mumkinligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar soni tobora ortib borayotgani, ushbu bozorga jahonning yetakchi kompaniyalari ham kirib kelayotgani qayd etildi. Mazkur imkoniyatdan kelib chiqib, ularni O‘zbekiston bozoriga jalb etish, masofaviy xizmatlar eksportini kengaytirish hamda kompaniyalar uchun IT Park tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar hamkorlikda ushbu yo‘nalishlarni targ‘ib qilish, O‘zbekistondan turib xalqaro bozorlarga masofaviy xizmatlar eksport hajmini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va inson kapitali salohiyatini oshirish maqsadida xodimlarni o‘qitish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish orqali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

2025-12-25