“Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda zamonaviy menejment” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi

Raqamli texnologiyalar vazirligida vazirlikning hamda IT Park hududiy bo‘linmalari rahbarlari uchun “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda zamonaviy menejment” mavzusidagi maxsus seminar-trening tashkil etildi.

Treningni tashkil etishdan maqsad – hududlarda raqamli texnologiyalarni joriy etish samaradorligini oshirish, shu jumladan, yoshlarni ushbu sohaga jalb etish, xizmatlar hajmini, raqamli texnologiyalar sohasidagi korxona va tashkilotlar faoliyati samaradorligi hamda rahbarlar mas’uliyatini, shuningdek, ularning kompetensiyalarini yanada oshirish, rahbarlik ko‘nikmalarini to‘laqonli rivojlantirishdan iborat edi.

Uch kun davom etgan seminarda “Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasi: konsepsiyasi va amalga oshirish bosqichlari, rivojlangan davlatlarning raqamli strategiyalari, notiq-lider bo‘lish san’ati, korporativ etika va korporativ madaniyat kodeksi mavzularida ishtirokchilarga ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, hududlarda IT xizmatlar eksporti yo‘nalishini rivojlantirish chora-tadbirlari, notiqlik san’atining rahbar faoliyatidagi o‘rni va ahamiyati haqida foydali ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar sohasida ta’limni rivojlantirish, jumladan, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, seminar davomida rahbar-xodimlarga ish jarayonida stressni boshqarish va uni yengish usullari haqida ma’ruza qilindi hamda O‘zbekistonda IT tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari, “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud”, “Raqamli ta’lim” dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar va ma’ruzachilar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi hamda jarayon davrida paydo bo‘lgan qiziqarli savollarga yetarlicha javoblar berildi.

O‘z navbatida, tinglovchilarning seminar davomida olgan bilimlarini aniqlash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi hamda o‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

2024-03-03