Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining AKT uchun masʼul vazirlarining 4-uchrashuvi boʻlib oʻtdi

26-oktabr kuni Samarqandda “ICTWeek Uzbekistan 2022” doirasida Turkiy Davlatlar Tashkilotining (TDT) AKT uchun masʼul vazirlarning 4-uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv moderatori O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boʻldi.

Tadbirda quyidagilar ishtirok etdi: TDT Bosh kotibi Bagdad Amreyev, Qozogʻiston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin, Qirgʻiziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vaziri oʻrinbosari Zamirbek Kojomuratov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi raisi Ulvi Mehtiyev, Ozarbayjon Respublikasi raqamli rivojlanish va transport vaziri o‘rinbosari Rovshan Rustamov, Turkiya Respublikasi Transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari Omer Fatih Sayan, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi raqamli transformatsiya boshqarmasi vakili Sheyma Ozkan xonim.

Tomonlar raqamli infratuzilma, elektron hukumat va elektron xizmatlar hamda kiberxavfsizlikni rivojlantirish bo‘yicha mavjud kichik ishchi guruhlar doirasida AKT sohasidagi joriy hamkorlikni muhokama qildilar.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari, “TDT raqamli innovatsiyalar katalogi”ni joriy etish, San-Fransiskoda “Turkic IT House”ni tashkil etish, “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish doirasida IT-mutaxassislari uchun platforma yaratish, aʼzo davlatlar va kuzatuvchilarning startaplarini yanada rivojlantirish, shuningdek, kelgusi davrda kiber jinoyatlarni tergov qilish boʻyicha qoʻshma huquqiy yordam mexanizmida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va boshqa masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi”ning yakuniy variantni qabul qildilar.

2022-10-26