Samarqanddagi IT Park va Samarqand davlat tibbiyot instituti sog‘liqni saqlash sohasida loyihalar amalga oshiradi!

Samarqand davlat tibbiyot institutida iqtidorli talabalar, yosh olimlar, tadqiqotchilar va startap jamoalar ishtirokida seminar trening va davra suhbati tashkillashtirildi.

Tashkil etilgan tadbirning maqsadi institut va Samarqandda joylashgan IT Park filiali o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida loyihalar amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdir.

Tadbir Samarqanddagi IT Park filialining startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy menejeri Abdulaziz Suyarov hamda filialning boshqa vakillari tomonidan o‘tkazildi.

Tadbir davomida talabalar sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan startap loyihalar, ushbu yo‘nalishning o‘ziga xos xususiyatlari va muvaffaqiyatli loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risida muhokama qilishdi.

Muhokamalar jarayonida talabalar tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasidagi startaplar hamda boshqa yuqori texnologik loyihalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishdi va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berishga muvaffaq bo‘lishdi.

Tadbir natijasiga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot instituti IT Park filialining sog‘liqni saqlash sohasida startap loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha hamkoriga aylandi. Qolaversa, IT Park filiali ushbu OTMlar bilan hamkorlikda yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishda loyihalarni amalga oshiradi.

2021-02-18