7-iyun kuni SAS kompaniyasining katta hisob menejeri Haktan Hamit Ishchi va raqamli transformatsiya va innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Altan Atabarut IT Park Uzbekistanga tashrif buyurishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad IT Park va SAS o‘rtasidagi kelajakdagi hamkorlikni muhokama qilish, shuningdek, har ikki tomonning yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalari bilan tanishishdir.
Mehmonlarni IT Park ijro etuvchi direktori Abdulahad Kuchkarov, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Maxliyo Muksinova va xalqaro hamkorlik bo‘yicha menejeri Umida Odilovalar kutib oldi.
Mehmonlarga IT Parkning asosiy yo‘nalishlari, xususan: O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda IT-sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash va tashabbuslar, Markaziy Osiyo mintaqasining inson kapitali va salohiyati, shuningdek, O'zbekistonning yosh aholisi, uning atrofida sanoatni takomillashtirish strategiyasi haqida so‘zlab berildi.
Yig‘ilishda IT va BPO rivojini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida belgilab berilgan vazifalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, IT Park o‘z rezident kompaniyalariga taqdim etayotgan erkin iqtisodiy zona, IT-ta’limni isloh qilish va yosh IT-mutaxassislarning muhim massasini yaratish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Mehmonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidladilar.
O‘zbekistonda IT-mutaxassislari va kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida SAS va IT Park o‘rtasidagi hamkorlikka katta e’tibor qaratildi. Tomonlar xalqaro loyihalar bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi va hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qildi.
SAS — biznes-tahlil sohasida yechimlar va xizmatlar ishlab chiqish va sotishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik xususiy IT kompaniyalaridan biri. Kompaniya 1976-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda 70 000 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
2023-06-09