Span kompaniyasi IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan vakillari “Span” kompaniyasining bosh direktori Nikolo Duymovich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar, chunki “Span” kompaniyasi 2025-yil yanvaridan boshlab O‘zbekistonda o‘z biznesini kengaytirishga qiziqish bildirdi.

“Span” — dasturiy ta’minot ishlab chiqarish, IT-konsalting va raqamli transformatsiya xizmatlariga ixtisoslashgan yetakchi IT-kompaniya. Kompaniya 1993-yilda Xorvatiyaning Zagreb shahrida tashkil etilgan. Hozirda dunyoning 16 mamlakatida ofislari mavjud bo‘lib, 2023-yildagi aylanmasi 138 million yevroni tashkil etdi, xodimlar soni esa 900 nafardan oshdi. Kompaniya “Google”, “Microsoft”, “McDonald’s” va “Nando’s” kabi yirik jahon kompaniyalariga xizmat ko‘rsatuvchi ishonchli va qimmatli IT-hamkor sifatida o‘zini namoyon etdi.

Innovatsion yechimlar taqdim etishga e’tibor qaratib, “Span” kompaniyasi turli sohalardagi mijozlar bilan hamkorlik qiladi, ularga texnologik imkoniyatlarini oshirish va biznes jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha yordam beradi. Kompaniya dasturiy ta’minot ishlab chiqarish, bulutli xizmatlar va IT-infratuzilmani boshqarish sohasidagi tajribasi bilan tanilgan.

IT Park jamoasi O‘zbekiston biznes muhitining imkoniyatlarini namoyish etdi va mamlakatda “Span” ofisini ochish masalalarini muhokama qildi. “Span” vakillari o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy mutaxassislarni jalb qilishga, shuningdek, IT-kompaniyalar faoliyatini xalqaro bozorlarga kengaytirish uchun O‘zbekistonda taklif etilayotgan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga qiziqish bildirdi. O‘zbekistondagi ofisdan Markaziy Osiyo bozori uchun mintaqaviy markaz sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekistonda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan akademiyasini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. IT Park ushbu tashabbusga qiziqish bildirib, uni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi. Muhokama yakunida tomonlar kelishilgan yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish va keyingi qadamlarni belgilashga kelishib oldilar.

“Span” kabi Yevropa kompaniyalarining qiziqishi yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mamlakatning eksport salohiyati mustahkamlanishiga hissa qo‘shib, O‘zbekiston IT sohasini rivojlantirishning muhim drayveri hisoblanadi.

2024-12-13