IT Park Startap Story rukni ostida muvaffaqiyatli startaplar haqida hikoya qilishda davom etmoqda. Bugun biz sizni bir vaqtning o'zida ikkita loyiha bilan tanishtirmoqchimiz - Carbozor va Monetary.
Carbozor
Kamoliddin Furqatov 27 yoshda. Unda olti oy oldin Carbozor nomli startap ishga tushirish g'oyasi paydo bo'ldi.
CarBozor.uz – O'zbekistonda avtomobillar uchun aksessuarlar va ehtiyot qismlarni sotuvchi startap kompaniyasi. Loyihaning o'zi avtomobil uchun ehtiyot qismlarga buyurtma berishingiz mumkin bo'lgan onlayn-do'kondir.
Kamoliddinning aytishicha, u bolaligidan bu yo‘nalishga qiziqqan.
“Bolaligimdan axborot texnologiyalariga ham, avtomobillarga ham qiziqaman. Taxminan olti oy oldin men ikkita qiziqishimni bir narsaga birlashtirishga qaror qildim: onlayn marketing uchun veb-sayt yaratish. Hozir loyiha rivojlanmoqda va bizda 5 nafar xodimdan iborat jamoamiz bor: men, frontend dasturchi Bekzod Tojiboev, backend dasturchi Norbek Yusupjonov, UI/UX dizayneri Diyorbek Yusufjonov, shuningdek, Operatsiyalar va strategiya bo'yicha mutaxassis”.
Qahramonning e'tirof etishicha, kompaniyaning asosiy vazifasi odamlarga qulaylik yaratishdir: ular uyidan yoki ofisidan chiqmasdan, vaqt va kuchni tejagan holda kerakli mahsulotlarga onlayn buyurtma berishlari mumkin.
Startap asoschilarining so'zlariga ko'ra, dastlab unga eng qiyin narsa sherik topish bo'lib tuyulgan.
“Men loyihani birinchi marta qog'ozga chizganimda, meni eng ko'p bezovta qilgan narsa shu edi. Men uzoq vaqt davomida odamlar bilan qanday qilib to'g'ri hamkorlik qilish haqida o'yladim. Ammo endi tushundimki, bu unchalik qiyin emas, aksincha, hamfikrlar va do'stlar juda ko'p”.
Shunga qaramay, Kamoliddin ijodida tizim tashkil etish kabi bir qancha murakkab vazifalar yuzaga keldi. Yechim kodlari, logotip, nom va dizayn bilan bog'liq qiyinchiliklar ham yo'q emas edi.
Ammo bu bizning qahramonimizni eski g'oyasini amalga oshirish yo'lida to'xtata olmadi.
“Qiyinchiliklar yengi o'tiladi. Shaxsan ular meni hamisha yanada shiddat bilan ishlashga undaydi, bu esa loyiha muvaffaqiyatga erishishi muqarrar ekanini anglatadi”, - deydi Kamoliddin.
Loyihangizni qay tarzda rivojlantirmoqchisiz?
Kamoliddin uning g'oyasiga hech kim sarmoya kiritmaganini aytdi.
“Albatta,rivojlanish uchun moliya zarurligini hamma yaxshi biladi. Hozirda bu borada ishlayapmiz va muvaffaqiyatga erishamiz deb umid qilamiz. Biz faoliyatimizda yuqori cho'qqilarni zabt etishni, ko'plab hamkorlar bilan sherikchilik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni, daromadimizni oshirishni va shu bilan to‘xtab qolmaslikni maqsad qilganmiz”.
Qahramon, shuningdek, xizmatlar sonini kengaytirishni xohlayotganini tan oladi. Masalan, avtomobillarni sug'urtalash, hujjatlarni tayyorlash, usta xizmatlari va boshqalar.
Kamoliddinning so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda so'nggi yillarda startap sohasi juda faol rivojlanmoqda.
“Startap ekotizimini qo'llab-quvvatlovchi ko'plab tadbirlar o'tkazilayotganidan mamnunman. Buning uchun hukumat katta sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda, bu bebaho. Biz shunday bir davrda yashayapmizki, har kim o'z g'oyalsini taqdim eta oladi va eng muhimi, uni amalga oshira oladi”.
Faol rivojlanayotgan startap sohalari orasida bizning qahramonimiz bozor, logistika, IT-autsorsing, agrotexnologik yo'nalish va moliyaviy texnologiyalarni alohida ta'kidlaydi.
“O'zbekistonda, menimcha, bosh urib ko'rish mumkin bo'lmagan yo'nalishning o'zi yo'q. O'zbekiston iqtisodiyotni raqamlashtirishga o'tish yo'lini tanlagani bois, hozir har bir soha yordamga muhtoj. Ishonchim komilki, startaplar buni amalga oshirishga yordam beradi”.
Sohaga endi kirib kelayotganlar uchun Kamoliddin dadilroq va faolroq bo'lishni maslahat beradi.
“Agar inson o'z g'oyasiga ishonsa, bu marraning yarmi degani. Xato qilishdan qo'rqish kerak emas, chunki aynan xatolar bizni ko'proq ishlashga va rivojlanishga undaydi. Yangi yechimlarni izlashdan aslo qo'rqmang”.
"Carbozor" jamoasi
Monetary
Dilshod Bobomurodov 33 yoshda. U zavod rahbari bo'lib ishlaydi.
Dilshod tan olganidek, Monetary startapini yo'lga qo'yish g'oyasi tasodifan paydo bo'lmagan. Bir necha yil oldin u xodimlar nimaga ko'proq vaqt sarflashini va nima uchun ish vaqtida e'tiborni yo'qotishlarini tahlil qilishga qaror qildi. Shunday qilib, bir vaqtlar shunchaki kuzatuv keyinchalik startapga aylandi.
“Kompaniyalar samarali bo'lishi uchun nima kerak? Albatta, biznes jarayonlarining o'z vaqtida bajarilishi. Biznes vazifalari va vakolatlari bo'limlar tomonidan, bo'limlarda esa xodimlar tomonidan taqsimlanadigan o'rta va yirik kompaniyalar haqida gap ketganda, ish samaradorligi bilan bog'liq muammolar paydo bo'ladi. Bu majburiy qog'ozbozlik bilan bog'liq va kompaniyani boshqarishning boshqa usuli yo'q. Bizning loyihamiz esa qog'ozbozlikni avtomatlashtirishda yordam berishi mumkin”.
Startapning maqsadi O'zbekistondagi, shuningdek, MDHdagi barcha o'rta va yirik kompaniyalarda ish jarayonining raqamli transformatsiyasini amalga oshirishdan iborat. Buning yordamida xodimlar samarali va stresdan holi ravishda ishlaydi.
Hozir loyiha jamoasi bir necha kishidan iborat: bosh direktor – Dilshod, texnik direktor – Ulug'bek, loyiha rahbari – Bobur va dasturchilar – Ismoil, Dilshod, Azizbek, G'iyos.
Dilshodning so'zlariga ko'ra, eng qiyini dasturchilarni topish edi.
“Men bu g'oyani ilk bor ishlab chiqqanimda, kerakli mutaxassislarni topish qanchalik qiyinligi haqida o'ylamagandim. Savodli odamlar ko'p, lekin ular orasida hamfikrlarni topish har doim ham oson emas. Shunday ajoyib jamoani to'play olganimdan xursandman”.
Ishga tushirish jarayonida duch kelingan qiyinchiliklar sirasida qahramonimiz bozorga mutanosiblik (Market fit) bo'lganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, ko'pchilik Mijozlar ustida ishlash (custdev)ga yetarlicha e'tibor bermaydi.
Qahramonning aytishicha, u loyihani boshlash uchun hech kimdan pul olmagan. Dastlab, loyihani jamoa a'zolarining o'zlari moliyalashtirgan, endi esa ular sotishdan tushgan daromadni qayta investitsiya qilishmoqda.
Lekin, Dilshod loyihani ishga tushirish bu faqat boshlanishi ekanini, endi jamoa rivojlanishning yangi bosqichi haqida o'ylayotganini ta'kidladi.
“Ertami kechmi, har qanday loyiha rivojlanishning keyingi bosqichi ostonasiga yetib keladi, biz ham bundan mustasno emasmiz. Barqaror biznes modelini qurib, ko'p sonli savdo va venchur fondidan pul ishlab topganimizdan so'ng, biz boshqa bozorlarga chiqishni rejalashtirmoqdamiz,” - deydi startap asoschisi.
Dilshodning so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda startap sohasini to'liq rivojlantirish uchun hali ko'p ishlar qilish kerak.
“So'nggi yillarda startap ekotizimini rivojlantirish ancha ishlar amalga oshirildi. Ammo baribir bizda yetarlicha “angel” (o'zb. farishta) investorlarga va startaplarni rivojlantirish bo'yicha bilimga ega bo'lmagunimizcha, o‘zbek startaplarining, ayniqsa, hududlarda muvaffaqiyat qozonishi qiyin bo'ladi”.
Dilshodning qayd etishicha, mamlakatda FinTech yo'nalishi faol rivojlanmoqda, chunki ko'pchilik murakkab bank tartib-qoidalari bilan ishlashdan ko'ra moliyaviy tranzaktsiyalarni oson tarzda amalga oshirishni xohlaydi. Robototexnika startaplariga kelsak, bu qiyinroq, chunki uning fikricha, o'zbek hamjamiyatidagi ko'pchilik ilg'or texnologiyalarga tayyor emas. Ammo bu, bizning qahramonimiz fikricha, faqat vaqt masalasidir.
Dilshod sohaga endi qadam qo'yganlarga qat'iyatli bo'lishni va o'ziga ishonchni yo'qotmaslikni tilaydi.
“Shuni ayta olamanki, soha kashfiyotchilarining ustunligiga haddan ortiq baho berilgan. Gap unutilgan auditoriyaga xizmat qilish va ularga yaxshiroq xizmat ko'rsatish haqida. Shuning uchun, agar siz ushbu yo'nalishda birinchi bo'lmasangiz, qo'rqmang. Va unutmangki, muammolar dushman emas, balki maslahatchilardir”.
2022-07-24