Startup Story: Inson omilisiz xaridni amalga oshirishga ko‘mak beradigan loyiha

Obunachilarimizga manzur boʻlgan “Startup Story” rukni qator startup dasturida ishtirok etgan muvaffaqiyatli loyihalar bilan tanishtirishda davom etmoqda. Bugun IT-Park mehmoni — Oʻzbekistondan birinchilar qatorida “500Global” venchur fondida ishtirok etib, 100 ming dollar miqdorida investitsiya jalb qilishga muvaffaq boʻlgan 25 yoshli Shahzod Umirzakov.

Shahzod Umirzakov — Unistar Innovation Technologies va T.A.S.S. Technologies kabi kompaniyalari asoschisi va hamtaʼsischisi. TASS Vision startap kompaniyasi neyron tarmoqlar orqali trafikni hisoblash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Kompaniya mijozlari orasida Basconi, Black Bear Kofi, GoodZone va Texnomart brendlari bor. TASS Vision yirik tarmoq chakana kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, hozirgi kunda O‘zbekiston bozorining 60 foizini, Qirg‘iziston bozorining 6 foizini va Qozog‘iston bozorining 1,5 foizini qamrab olgan.

Qahramonimiz yaqinda Gruziyada boʻlib oʻtgan 500Global venchur fondi va startup akselerator tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, 100 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya mablagʻini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Shahzod Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan Dar Lab tanlovi T.A.S.S. Vision loyihasi orqali 10 ming dollar mablagʻ yutib olgan yagona xorijlik startaper boʻldi.

500 Global — umumiy aktivlari 2,7 milliard dollarga ega boʻlgan venchur kapital kompaniyasi boʻlib, tez rivojlanayotgan texnologik korxonalarga sarmoya kiritadi. Portfoliosida qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 49 ta kompaniya va qiymati 100 million dollardan ortiq boʻlgan 150 dan ortiq kompaniyalar mavjud.

Startapni yoʻlga qoʻyish gʻoyasi qanday paydo boʻldi?

Qahramonimiz 9-sinfda yozgi taʼtil vaqtida avtobusda chiptachi sifatida ishlagan. Aynan shu vaqtda kunlik odam sonidan tushayotgan mablagʻ miqdori kamligini sezib, ushbu muammoni hal qilish uchun boshqa vertikal biznesni yoʻlga qoʻyishni, yaʼni UniBus startapini ( keyinchalik Passenger Transit) ishlab chiqishni boshlagan.

Shahzod oʻsha paytdagi voqealarni quyidagicha yodga oldi:

“Bir kunning oʻzida ertadan kechgacha 50 dan koʻp qoʻngʻiroqlarni qabul qilganimni eslayman. UniBus startapini ishga tushirganimizda 12 ta avtobazadan buyurtma qabul qilganmiz. Ularning har birida 10 tadan kam boʻlmagan avtobus bor edi.

Buyurtmalar koʻpligidan biz faqatgina 35 ta avtobusda qurilmani oʻrnatishga ulgurgandik. Ammo ular 2 oydan soʻng ishlashdan toʻxtab qola boshladi.

Ishlab chiquvchilar avtobusdan chiqadigan vibratsiyani hisobga olishmadi, biz esa shoshildik. Biroz vaqtdan keyin esa biz datchik oʻrnatgan avtobusda nosozlik chiqib, kelishmovchilik yuzaga keldi. Biznesni oyoqqa qoʻyish uchun oila aʼzolarimdan olgan mablagʻim biroz vaqt yordam bergan boʻlsada, keyinchalik moliyaviy qiyinchilik tufayli jamoamiz tarqab ketdi.

Keyinchi urinish “Startap tashabbuslar” ni qoʻllab-quvvatlash loyihasida amalga oshirildi. Biz shunchaki yaxshi namoyish uchun emas salmoqli investorlarni jalb qilish uchun harakat qildik. Biznes- angel sifatida Bozor.uz platformasi asoschisi Baxtiyor Xasanov bilan kelishuv imzoladik.

Bu bilan cheklanib qolmadik va bir vaqtning oʻzida T.A.S.S. (Traffic Analysis System and Statistics), loyihasi ustida ishlay boshladik.

T.A.S.S. — tashrif buyuruvchilarni jinsi va yoshi boʻyicha tasniflash uchun sunʼiy intellekt va avtomatik tarzda foydalaniladigan tizimdir.

Qahramonimiz ushbu loyiha orqali Qozogʻistonda oʻtkazilgan Dar Lab tanlovida xalqaro ishtirokchi sifatida 10 ming AQSh dollarini qoʻlga kiritgan.
Shundan soʻng loyiha qamrovini kengaytirish maqsadida turli tanlovlarda qatnashishni boshladik.

Yaqinda Gruziya boʻlib oʻtgan 500Global akseleratsiya dasturida qatnashib, T.A.S.S. Vision loyihasiga 100 ming dollar investitsiya jalb etishga muvaffaq boʻldi.

Hozirda jamoada 6 nafar ishlab chiquvchi, 5 nafar sotuv menejeri, 2 nafar mijozlar bilan ishlab boʻyicha menejer, hisobchi va boshqa xodimlardan iborat.

Loyihaning maqsadi

Biz anʼanaviy chakana savdo sanoatini cheksiz texnologiya bilan kassalarsiz tizimga oʻzgartirmoqchimiz.

Odamlar avtomatik ravishda yoki oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish kassasida navbatsiz va xohlagan narsalarini olishlari mumkin boʻladigan tizimning rivoji koʻpchilikka maʼqul kelishi aniq.

Hozirda biz B2B chakana savdo tarmogʻi kompaniyalariga doʻkon samaradorligi va sotuvni 15 foizga oshirishga yordam bermoqdamiz. Kelgusida biz hamjamiyatga kassa navbatlaridan xalos boʻlishga yordam beramiz va mijozlarimiz skoringdan oʻtgach mablagʻi yetarli boʻlmagan holda zaruriy narsalarni xarid qilish uchun har doim foizsiz kredit beramiz. Bu odamlarning kundalik ehtiyojlari va xohishlarini sotib olish uchun qarzga yoki kredit olmaslikka yordam beradi.

Biz anʼanaviy riteyl sanoatini tubdan oʻzgartiradigan jarayon yoqasida turibmiz. Bunda mijozlar, inson omilisiz xaridlarni amalga oshiriladilar. Bizning texnologiyalar esa mijozlarning xarid mahsulotlari narxini avtomatik tarzda hisoblab, elektron chek chiqarib beradi.

Biz oxirgi 3 yil ichida $317 ming miqdorida investitsiya jalb qilingan boʻlib, 2023-yilning aprel oyida yana $500 ming olishni rejalashtirmoqdamiz.

Oʻzbekistondagi startaplar rivoji qanday holatda?

Fikrimcha, Oʻzbekistonda startap-sanoatini rivojlantirish hali ham asosan gʻoyalar ishlab chiqarish va ularni amalga oshirish darajasida. Lekin eng muhimi, startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun barcha sharoit va imtiyozlar yaratilgan. “Yakkashox”ga ega boʻlishimiz uchun taxminan 5-10 yil kerak boʻladi. Biz ham ushbu koʻrsatkichga intilamiz. Elektron tijorat ham rivojlanmoqda va u kelgusi yillarda yanada tez rivojlanadi. Aholi oʻrtasida smartfonlarning kirib borishi ham tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda, bu esa B2C startaplarning gullab-yashnashida alohida ahamiyat kasb etadi.

Yosh startapchilarga birinchi navbatda gʻoyani tubdan ishlab chiqishni, uni har tomonlama tahlil qilib keyingina uni amaliyotga qoʻllashni maslahat bergan boʻlardim. Eng muhimi, mutaxassis boʻlmagan sohangizda katta tavakkalga qoʻl urishingiz joiz emas. Chunki bunda ortiqcha mablagʻ, resurslar talab etilishi muvaffaqiyat foizini kamaytiradi.

2023-02-16