IT Park yangi “Startap hikoyasi” ruknini ishga tushirmoqda, unda startap loyihalari haqida so‘z boradi. E’tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lgan ilk hikoyamiz Beautify.uz loyihasi va uning asoschisi Nigora Akilova haqida.
Nigora 47 yoshda. U marketolog bo‘lib ishlaydi va o‘z PR agentligiga ega.
Nigoraning so‘zlariga ko‘ra, startap g‘oyasi qahramonimiz “ArzonApteka” loyihasidagi avvalgi ish tajribasi o‘laroq tug‘ilgan, o‘sha kez u va uning jamoasi ushbu loyihaga sarmoya jalb etishga muvaffaq bo‘lgan. Loyihaning ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan Nigora shunchaki yollanma xodim bo‘lib qolishni istamasligi ortidan u yerdan ketishga qaror qiladi.
“Men shunga o‘xshash, raqobatbardosh bo‘lmagan mahsulotni yaratmoqchi edim. “ArzonApteka”dagi hamkasbim Nargiz Qosimova bilan hamkorlikda go‘zallik sohasida o‘z loyihamizni ishga tushirdik. Oldingi loyihada biz B2B, B2C marketing, mahsulotni qadoqlash, sotish, narxlarni belgilash, savdo guruhini yaratish va mablag‘ yig‘ish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘ldik. Bularning barchasi yangi loyihada katta yordam berdi”.
Hozirda “Beautify.uz” jamoasi 8 kishidan iborat: Nigora – bosh direktor, Nargiz – marketing va savdo va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul, shuningdek, back-end va ikkita front-end dasturchi, dizayner, tester va SMM mutaxassisi. Shuningdek, jamoaga tadbirkor, O‘zbekiston farmatsevtika klubi asoschisi Oybek Do‘smatov tomonidan katta maslahat yordami ko‘rsatilmoqda.
Beautify.uz O‘zbekistonda go‘zallik ustalari va foydalanuvchilarini birlashtirgan yagona platformadir. Loyiha go‘zallik sanoatini to‘liq raqamlashtirish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, sanoat uchun sarf materiallari yetkazib beruvchilar - go‘zallik ustalari – iste’molchilar zanjirini o‘z ichiga oladi.
Platforma ustalar ishlari fotosuratlari agregatori sifatida ishlaydi, bu orqali mijozlar ustaning profiliga o‘tishlari, uning tarjimai holi, joylashuvi bilan tanishishlari va ro‘yxatdan o‘tishlari, shuningdek, mijozlar belgilangan parametrlar bo‘yicha qidiruv orqali kerakli mutaxassisni topishlari mumkin.
Nigoraning so‘zlariga ko‘ra, loyiha missiyasi ayollar uchun har qanday vaziyatda: o‘rganishda, faoliyatning ilk bosqichlarida, mijozlarni topishda qo‘llab-quvvatlovchi brend yaratishdan iborat.
“Beautify.uz katta ijtimoiy ahamiyatga ega, chunki u minglab ayollarga oʻz faoliyatini boshlash imkoniyatini beradi. Misol uchun, bir qiz o‘rta maktabni tugatdi, lekin nima qilishni bilmaydi. Platforma orqali u unga qandaydir xizmatlarni o‘rgatadigan mutaxassis topadi va keyin bizning platformamiz orqali u mijozlarni topadi. Ayniqsa, qo‘lida kichkina bolasi bilan qolgan va uydan chiqa olmaydigan ayollar uchun katta yordam bo‘ladi. Platforma tufayli ular o‘z mahallasidan mijoz topishlari mumkin”.
Beautify.uz platformasi ko‘plab afzalliklarga ega.
Masalan, mutaxassislar (go‘zallik ustalari) quyidagi imtiyozlarga ega:
• Mutaxassis ish jadvaliga ulangan onlayn bron qilish tizimi – bu vaqtni tejaydi;
• Yangi mijozlarni jalb qilish;
• oldindan to‘lov orqali bron qilingan tashrif kafolati;
• stilistlar salonlar uchun sarflanadigan sarf materiallarni yetkazib beruvchilar ro‘yxatidan tanlashlari mumkin.
Beautify.uz platformasi foydalanuvchilariga quyidagi afzalliklarni taqdim etadi:
• mutaxassis joylashuvi, bo‘sh vaqti, xizmat narxi va sifati bo‘yicha qidirish;
• protseduraga yozilish;
• mutaxassis xizmatlarini to‘lash uchun xizmatdan kredit yoki bo‘lib to‘lash uchun qarz olish.
Nigoraning soʻzlariga koʻra, loyihaning eng qiyin qismi isteʼmolchi hatti-harakatini aniqlash va shu bilan bogʻliq holda mijoz xaritasini tuzish bo‘ldi.
Dastlabki bosqichda startap uchun eng katta muammo - bu ishlaydigan, monetizatsiya qilinadigan va kengaytiriladigan g‘oyani topish hamda to‘lay oladigan va sizga kamida bir yil qo‘ng‘iroq qilmaydigan investorni topishdir. Eng muhim jihatlar esa ayollar go‘zallik ustasini nimaga asoslanib tanlaydi, narx qanchalik muhim, u yaxshi usta uchun shaharning narigi chekkasiga borishga tayyormi, ular go‘zallik xizmatlaridan qanchalik tez-tez foydalanishadi, kabi savollardir.
“Mutaxassislar borasida bizda juda ko‘p savollar bor edi: masalan, ular qo‘shimcha mijozlar uchun pul to‘lashga tayyormi, ularning motivatsiyasi qanday, ular chegirma yoki “sodiqlik dasturlari”da qatnashishga tayyormi? Oxir-oqibat shunday xulosaga keldikki, agar o‘zimiz ayol bo‘lmaganimizda, bu savollarga to‘g‘ri javob topa olmasdik.
“Loyihamiz turli yo‘nalishlarda ishlab chiqilishi mumkin, – deydi Nigora. “Texnik jihatdan bu turli xil biznes modellarni yaratishga imkon beradi. Biroq, hozircha biz go‘zallik sanoatiga alohida e’tibor qaratishga qaror qildik, chunki bu soha bizga ayollar sifatida yaqin. Bu soha erkaklar uchun juda qiyin, chunki ayollarning iste’molchi sifatidagi hatti-harakati erkaklarnikidan sezilarli darajada farq qiladi, bu yerda biz boshqalardan katta ustunlikka egamiz.”
Nigora ta’kidlaganidek, ularning biznes modeli keng qamrovni, keyin esa to‘lov joriy qilishni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda ular daromadga ishlamayapti, to‘lov 2022-yil sentyabr oyida joriy qilinadi.
“Biz marketplace’lar, foydali plaginlar, moliyaviy texnologiyalar, toʻlov tizimlari, kosmetik brendlar, taʼlim platformalari va boshqalar bilan hamkorlik uchun ochiqmiz. Loyihamizning rivojlanishi, birinchi navbatda, boshqa bozorlarga chiqishdir. Bizning loyihamiz orqali imkon qadar tezroq xorijiy shunga o‘xshash bozorlarga chiqishni rejalashtirmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi qahramonimiz.
Nigoraning aytishicha, O‘zbekistonda startap sanoati nihoyatda sust rivojlangan.
“Biz “startup” so‘zini juda ko‘p ishlatamiz, lekin o‘zimizda yaxshi g‘oyaga ega haqiqiy startaplar ko‘p emas. Shunga qaramay, so‘nggi 2-3 yil ichida bu borada sezilarli yutuqlarga erishildi, masalan, AloqaVentures va IT qo‘shma akseleratori haqiqatan ham yuqori sifatli va samarali loyiha ekanligini ta’kidlash joiz”.
Nigora O‘zbekistonda faol rivojlanayotgan startaplardan Billz, Iman, DalaTech, Avlo’ni misol sifatida keltirib o‘tdi.
Qahramon ta’kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda istalgan sohaga qo‘l urish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Biroq, har doim shuni yodda tutish kerakki, startap faqat O‘zbekiston bilan chegaralanib qolmasligi kerak.
Uning fikricha, ayniqsa, quyidagi sohalarda yangilik va qulayliklar yaratish joiz: avtomobil ehtiyot qismlari va texnik ko‘mak xizmatlari, logistika, FMCGga yetkazib berish, “event” sohasi (turli marosim va tantanalar, to‘ylar o‘tkazish sohasi), shaxsiy moliya, kuponlar, davlat xizmatlari agregatorlari, xaridlar va tenderlar.
“Startapga shu kabi loyihalardagi ta’sischilarning tajribasi ustunlik beradi. Shuning uchun, agar siz boshqa shunga o‘xshash loyihadan qimmatli xodimni o‘zingiz tomonga og‘dira olsangiz, bu loyiha rivoji uchun foydali. Men boshlang‘ich bosqichdagi startaplarga bozorni sinchkovlik bilan o‘rganishni, ya’ni maqsadli auditoriya, uning ko‘lami, to‘lash imkoniyati va xizmatingizga pul sarflash istagini aniqlashni, qolaversa, sabrli bo‘lishni maslahat berardim. Va eng muhimi –o‘z hamkor va sheriklaringizni ehtiyotkorlik bilan tanlang!”
2022-07-01