Startup Story: Wi-Fi tarmog'ini kengaytirishga yordam berayotgan loyiha

“Startup Story” rukni doirasida obunachilarimizni eng qiziqarli loyihalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bugungi sonda biz e’tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lgan loyiha “Tasnet” va uning asoschisi Marat Muslimov haqida.

Loyihani yaratish g‘oyasi qanday paydo bo'ldi?

Marat 30 yoshda, u “Innovation Technologies” kompaniyasi direktori lavozimida faoliyat olib boradi. Mutaxassisning aytishicha, startap g‘oyasi zarurat tufayli paydo bo‘lgan.

“2018-yilda AKT vazirligi tomonidan foydalanuvchi shaxsi aniqlangandan so‘nggina bepul Wi-Fi taqdim etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. O‘shanda O‘zbekistonda bu talablarga javob beradigan mahsulot yo‘q edi va biz uni yaratishni o‘z zimmamizga olishga qaror qildik”. 

Hozirda “Tasnet” jamoasi 7 kishidan iborat:

• texnik direktor – yangi tarmoq nuqtalarini ishlab chiqish va o‘rnatish bilan bog‘liq barcha jarayonlar uchun javobgar;

• 2 ta dasturchi – dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas’ul;

• 2 ta texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutaxassis – ular Wi-Fi tarqatuvchi uskunani o‘rnatish va ishlashini ta’minlash uchun javobgar;

• loyiha menejeri – mahsulotni targ‘ib qilish, yangi mijozlarni topish va mahsulotni takomillashtirish uchun javobgar;

• mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejer - mijozlar bilan muloqot qilish uchun javobgardir, mahsulot haqida fikr-mulohazalarni to‘playdi, mijozlar muammolarini hal qiladi.

Loyihaning jamiyatga foydasi nimada?

“Tasnet” loyihasining maqsadi korxona va tashkilotlarga foydalanuvchilarni avtorizatsiya qilish va identifikatsiya qilish, mehmonlar Wi-Fi tarmoqlarini tahlil qilish va monitoring qilish, marketing vositalarini taqdim etishdan iborat. Aholi uchun bu bepul internetning qulay va oson usuli.

Maratning so‘zlariga ko‘ra, “Tasnet” biznes egalariga mavjud bepul Wi-Fi tarmog‘ini kengaytirish va undan maksimal darajada foydalanishga yordam beradi:

• muassasaning Wi-Fi tarmog‘idan foydalangan mijozlarning ma’lumotlar bazasini to‘plash;

• tahlil o‘tkazish;

• o‘z reklamalari va maxsus takliflarini ularning mijozi bo‘lgan auditoriya tomonidan ruxsat etilganda ko‘rsatish, biznes egalari uchun qo‘shimcha savdo imkoniyatlarini ochib beradi;

• tanlangan maqsadli auditoriya uchun reklamalarni “Tasnet” tarmog‘ining boshqa joylashuvlarida ko‘rsatish.

“Mehmonlar, oʻz navbatida, SMS, qayta qoʻngʻiroq, Telegram va boshqalar kabi avtorizatsiya usullaridan foydalangan holda tarmoqqa qulay bepul kirish imkoniyatiga ega boʻladilar”.

Loyiha ustida ishlashda qiyinchiliklar bo‘lganmi?

Maratning aytishicha, loyihani ishga tushirish jarayonida jamoa ba’zi qiyinchiliklarga duch keldi.

“Umuman olganda, loyihani yaratishda katta qiyinchiliklarga duch keldik, deb ayta olmayman. Ehtimol, biznes egalarining bepul Wi-Fi tarqatilishi, tashrif buyuruvchilar ma’lumotlar bazasini to‘plash va tahlil qilish qanday qulayliklar yaratishini tushunmasliklari, mijozlarni jalb qilish uchun yangi aloqa usullarini sinab ko‘rishni istamasliklarini asosiy muammo deb aytish mumkin.”

Startapni  qay tarzda rivojlantirishni rejalashtiryapsiz?

Ruknimiz mehmoni loyiha o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgani haqida  so‘zlab berdi.

“Endi biz mamlakatimizda bepul Wi-Fi sifati va ko‘lamini rivojlantirmoqchimiz, shuningdek, “Tasnet”ni xalqaro bozorlarga olib chiqmoqchimiz. Maqsadimiz nafaqat Wi-Fi tarmoqlarida avtorizatsiya xizmati, balki eng kuchli marketing vositalaridan biriga, shuningdek, lidogeneratsiya uchun asosiy kanalga aylanishdir”.

Marat yosh startapchilarga ko‘p narsalarni o‘rganish va o‘z maqsadlariga erishishlarini tilab qoldi.

“Hammaga xato va muvaffaqiyatsizliklardan qat’iy nazar, aniq maqsadlarni belgilash va ularga erishishni o‘rganishni tilayman. Aslida xatolar, ehtimol, muvaffaqiyatga erishish yo‘lida duch keladigan eng yaxshi hodisa, chunki ular tufayli siz o‘sishda va rivojlanishda davom etasiz. Esda tuting: boshqa startapchilardan o‘rnak olishingiz mumkin, ammo taqlid qilish nojoiz. O‘ziga xos bo‘lishga intilish kerak!”

2022-08-29