Success story: Muvaffaqiyatli Web Frontend dasturchi hikoyasi

IT Park yosh dasturchilar haqidagi qiziqarli hikoyalar ruknini davom ettirmoqda. Bugungi mehmonimiz 20 yoshli Javohir Gʻulomjonov. Qahramonimiz hozirda Namangan muhandis-texnologiylari institutida menejment fakulteti 2-bosqichida tahsil oladi. Mutaxassisligi boʻyicha Web Frontend dasturchi.

Dasturlashga kirib kelishi karantin vaqtlaridan boshlangan. Oʻsha paytda qahramonimizning otasi birinchi shaxsiy noutbukni olib bergan. Shundan keyin uni oʻrganishni boshlab, kundalik vazifalarni ushbu noutbukda bajarib borgan.

“Noutbugimni bexosdan buzib qoʻydim, ustaga olib borib 40 ming soʻmga dasturiy taʼminotini oʻzgartirdim. Keyin dasturlashda pul koʻp degan fikr shakllana boshladi. Kunlardan bir kun “Uzbekcoders” (One million Uzbek Coders) degan loyihaga koʻzim tushdi. Unda mavjud videodarslari orqali web dasturlash oʻrganishni boshladim”.

Javohirning aytishicha onlayn darslar orqali mukammal bilimga ega boʻlish imkonsiz. Chunki masalalar yechimini topish tajribali mutaxassis bilan ishlagandan soʻng keladi deb hisoblaydi u.
 

“Dasturlash asoslarini qoʻldan kelgancha oʻrgandim, undan keyin tushunmaganlarimni soʻrash uchun ustoz qidirishni boshladim. Dastlab oʻzim yashaydigan hududdan yaʼni Fargʻonadan qidirdim. Pop tumanidan Islom Davlatovni topdim. Ulardan bilmagan masalalarimni soʻradim. Shundan soʻng qiziqish yanada ortib ketdi va oʻrganish tezlashdi. Frontendni oʻrganib boʻldim, bir qancha loyihalar qildik, smart qabul (viloyat hokimi uchun qabulxona), kosmos chodak (mehmonxona — turistik hudud uchun 800$) va shunga oʻxshash boshqa loyihalarda frontend dasturchi boʻlib ishladim”.

Qahramonimizning soʻzlariga koʻra, ushbu loyihalardan soʻng u Pop IT maktabga ishga kirib, bir qancha oʻquvchilarga tahsil bergan. Hozir ham loyihalar ustida ishlamoqda.

Oylik daromadi oʻrtacha $400- $500 ni tashkil etadi. Kelajakda smart tizimlar ishlab chiqarish, odamlarni ishini osonlashtirishni maqsad qilib olgan.

Javohir oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?

 

2023-03-01