TATU Urganch filialida yangi IT Park inkubatsiya markazi ochildi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida yangi IT Park inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy ishtirokchilari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU filiali rektori Bayjanov Maksudbek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Madrimov Madrahimboy Xorazm elektromagnit xizmati boshlig‘i Saʼdullaev Shuhrat, Xorazm viloyati xokimining jamoatchilik bilan ishlash bo’yicha maslahatchisi Karimov Zafar va IT Park hududiy vakillari bo‘lishdi.

Ochilish marosimida ishtirokchilar IT Park’ning asosiy faoliyati, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, IT loyihalari, shuningdek, ushbu inkubatsiya markazi doirasida amalga oshiriladigan kelajakdagi rejalar bilan tanishishdi.

Inkubatsiya markazining ustuvor vazifalari - innovatsion loyihalar yaratishga intilayotgan yoshlarning iqtidorini aniqlash, ilg‘or biznes-g‘oyalar uchun inkubatsiya dasturlarini o‘tkazish va startap loyihalarini amalga oshirishda talabalarga har tomonlama ko‘mak berish.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali qoshidagi inkubatsiya markazida muntazam ravishda inkubatsiya dasturlari, “Hack4Region” xakatonlari, ideafonlar, tanlovlar, seminarlar, vebinarlar, master-klasslar va h.k. o‘tkazilinadi.

Xususan, zamon talablariga mos ravishda to‘liq rekonstruksiya qilingan va barcha kerakli kompyuter uskunalari bilan jihozlangan bino ushbu hududning yosh avlod vakillariga axborot texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini erkin amalga oshirish imkonini beradi.

2021-08-31