TATUda inkubatsiya markazi ochildi

2022-yilning 6-may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) IT-Parkdagi inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, TATU rektori Baxtiyor Maxkamov va IT Park direktori o‘rinbosari Fayzulla Aripjanov ishtirok etdi.

Markazning vazifalariga quyidagilar kiradi:

- universitetning startap loyihalari uchun inkubatsiya dasturini o‘tkazish;
- startap-jamoalarga maslahat berish;
- turli tadbirlarni tashkil etish;
- talabalarga ko‘mak berish.

Inkubatsiya markazining binolari zamonaviy mebel va texnika bilan jihozlangan. Bu yerda innovatsion loyihalar ustida ishlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Kelgusida inkubatsiya markazida konsalting xizmatlarini amalga oshirish, jumladan, raqamli iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlari, ta’lim psixologiyasi, fizika, astronomiya va ta’lim bo‘yicha shartnomaviy tadqiqotlar olib borish, xalqaro grantlar, tadqiqot loyihalari tanlovlari hamda konferensiyalarda ishtirok etish rejalashtirilmoqda.

AKT vaziri ta’kidlaganidek, bugungi kunda ta’lim tizimini isloh qilishda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT Parklar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tashrif davomida vazir universitetda tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashib, ularning innovatsion ishlanmalari haqida suhbatlashdi.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda respublikada IT Park qoshida 33 ta inkubatsiya markazi mavjud boʻlib, ulardan 12 tasi Toshkent shahrida joylashgan.

2022-05-07