Xitoyning yirik korporatsiyalaridan biri – Tencent kompaniyasi vitse-prezidenti Ma Bin boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov ishtirok etib, O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdilar.
Tencent kompaniyasi 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning Bosh ofisi Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan. Kompaniya dunyodagi eng yuqori daromad keltiruvchi, multimedia, video o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar, musiqa, veb-portallar, elektron tijorat, internet xizmatlari, to‘lov tizimlari, smartfonlar yirik kompaniyalardan hisoblanadi.
Tashrif avvalida mehmonlarga IT Park’ning imkoniyatlari va faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, Uzinfocom raqamli infratuzilmasi bilan yaqindan tanishildi.
Asosiy e’tibor o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuqori daromadli va raqamli iqtisodiyotga muvofiq ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasiga qaratildi. Shu bilan birga, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan soliq imtiyozlari, IT eksportni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, va xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlik, IT kadrlar tayyorlash va malakali mutaxassislarni yetishtirish masalalariga ham alohida e’tibor berildi.
Tencent delegatsiyasi, o‘z navbatida, kompaniya tomonidan rivojlantirilayotgan qator ilg‘or texnologiyalar – “aqlli shahar”, bulutli xizmatlar, katta ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalaridagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, onlayn o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar, moliyaviy texnologiyalar va raqamli media kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda kompaniyaning rasmiy ofisini ochish, IT autsorsing xizmatlarini rivojlantirish, hamkorlikda telekomunikatsiya loyihalarini amalga oshirish va O‘zbekiston orqali boshqa mintaqaviy bozorlarga chiqish borasidagi takliflar bildirildi.
2025-05-06