Texnologiyalar va sun’iy intellekt: Yevropa va Markaziy Osiyo hamkorligining kaliti

Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti (IICA) tomonidan tashkil etilgan European Union — Central Asia Think Tank Forum The Tashkent Platform: Building Bridges between Europe and Central Asia” bo‘lib o‘tdi. Tadbir ekspertlar muloqoti hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov “Texnologiyalar va sun’iy intellekt: Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi raqamli hamkorlik salohiyatini ochib berish” panel muhokamasi doirasida so‘zga chiqdi. Ishtirokchilar raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat boshqaruvini takomillashtirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish istiqbollarini muhokama qildilar. Muhokama davomida IT-xizmatlar eksporti, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik va texnologik almashinuv masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamaning asosiy mavzulari

🔹 IT-xizmatlar iqtisodiy o‘sish harakatlantiruvchisi sifatida — Yevropa bozori uchun Markaziy Osiyoda yaratilgan autsorsing va IT-mahsulotlarni rivojlantirish.

🔹 Qo‘shma tadqiqotlar va texnologiyalar transferi — dasturiy ta’minot ishlab chiqish, ma’lumotlar tahlili va bulutli yechimlar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish.

🔹 Raqamli tartibga solishni uyg‘unlashtirish — IT-kompaniyalarning global bozorlarga chiqishini osonlashtirish uchun xalqaro standartlarni moslashtirish.

🔹 Startaplar va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash — mintaqaning IT-kompaniyalariga Yevropa investitsiyalarini jalb qilish uchun qo‘shma akseleratsiya dasturlarini yaratish.

Abdulahad Kuchkarov O‘zbekistonning xalqaro IT-kompaniyalar va eksportga yo‘naltirilgan dasturchilar uchun qulay shart-sharoitlarni taqdim etib, Markaziy Osiyoning IT-markaziga aylanib borayotganini ta’kidladi.

“Markaziy Osiyo keng ko‘lamli raqamli o‘zgarishni boshdan kechirmoqda va bunda O‘zbekiston asosiy rol o‘ynamoqda. Biz IT-sanoatni faol rivojlantiryapmiz va IT-xizmatlar eksporti uchun qulay sharoitlar yaratyapmiz. IT Park rezidentlari soliq imtiyozlari, xalqaro ta’lim dasturlaridan foydalanish va biznesni kengaytirish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Yevropa kompaniyalari o‘zlarining texnologik loyihalarini kengaytirish va yangi qo‘shma yechimlarni yaratish uchun ushbu salohiyatdan foydalanishlari mumkin,” — dedi u.

Raqamli hamkorlik kelajak kaliti

Toshkentdagi forum yevropalik hamkorlarning Markaziy Osiyo IT-kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga qiziqishi yuqori ekanligini tasdiqladi. IT Park Uzbekistan investorlarni jalb qilish va eksportga yo‘naltirilgan IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettiradi. Bu texnologiya sanoatining o‘sishi va O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro miqyosga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-03-21