Tez kunlarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida inkubatsiya markazi ochiladi!

23-oktyabr kuni soat 11:00 da Turin politexnika universitetida IT Park qoshidagi birinchi inkubatsiya markazi ochilishi boʻlib oʻtadi.

Marosimda universitetimiz rektori Jamshid Inoyatxoʻjayev, IT Park direktori Farhod Ibragimov, TTPU dagi inkubatsiya markazi rahbari va Turin Invest Soft Solution asoschisi Muslimbek Pirnazarov va boshqalar ishtirok etishadi.

Shuningdek, tadbirimizning maxsus mehmoni — Oʻzbekiston Respublikasida Innovatsion rivojlanish vazirining oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev Oʻzbekistonda startaplarning rivojlanishi va bu boradagi shaxsiy tajribasi haqida soʻzlab beradi.

Eslatib oʻtamiz, iqtidorli yoshlar oʻrtasida yaratilayotgan innovatsion loyihalar sifati va sonini oshirish maqsadida oliy oʻquv yurtlari qoshidagi inkubatsiya markazlari zarur. Inkubatsiya markazlari oʻz navbatida talabalar uchun original ilmiy-texnik gʻoyalarni amalga oshiruvchi kichik innovatsion loyihalarning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Inkubatsiya markazlarining uzoq muddatli maqsadlari va vazifalari:

- mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish;

- Oʻzbekistonda yuqori innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish;

- innovatsion yoʻnalishdagi kichik biznesni rivojlantirish, talabalar uchun loyiha faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash;

- talabalar va tajribali mutaxassislar oʻrtasidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyish;

- yangi ish oʻrinlari yaratish.

Inkubatsiya markazlari talabalarning innovatsion ishlanmalarini “gʻoyalar” dan ishlab chiqarish boshlanishiga va birinchi muvaffaqiyatli sotuvga tijoratlashtirishga moʻljallangan.

Inkubatsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar 10 000 000 soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Ochilish onlayn koʻrinishda, Zoom platformasida boʻlib oʻtadi.

Tomosha qilish uchun havola: https://www.youtube.com/channel/UCM-cCXdzsTitH6QS-BWQJAA

2020-10-22