Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filialida inkubatsiya markazi ochildi

2021-yilning 19-fevral kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filialida inkubatsiya markazi ochildi.

Ochilish marosimida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aripov Sanjar, IT Park startap ekotizimlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Maksumov hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filiali direktori Gʻaniyev Abduqahhor ishtirok etdi.

Ochilish marosimiga tashrif buyurgan mehmonlar inkubatsiya markazi faoliyati va iqtidorli talabalar tomonidan namoyish etilgan startap loyihalar bilan tanishib chiqdilar. Bundan tashqari, marosim davomida soha professorlari va tadqiqotchilari mehmonlarga innovatsion ishlanmalarni taqdim etishdi.

Ushbu OTMda ochilgan inkubatsiya markazi talabalarning yuqori texnologik g‘oyalarini amalga oshirish hamda ularning salohiyatini oshirishda kerakli platforma sifatida xizmat qiladi.

Qashqadaryo viloyatidagi OTMlar huzurida inkubatsiya markazlarini tashkil etish “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2020-yil 24-noyabrdagi 02-3310-sonli topshirig‘ida, Qashqadaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki inkubatsiya markazlarini tashkil etish” hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarori doirasida amalga oshirildi.

Qashqadaryoning talabalari nafaqat gruppadoshlari yoki kursdoshlari bilan, balki boshqa OTM talabalari bilan birlashgan holda hamkorlik orqali mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Boshqacha qilib aytganda, talabalar o‘z ishlari bilan cheklanib qolmaydi va o‘z loyihalarini boshqa OTM talabalari bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin.

Umuman olganda Qashqadaryo viloyatining yana 4 nafar OTMlarida inkubatsiya markazlarini ochish rejalashtirilgan:

- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali;

- Qarshi davlat universiteti;

- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali;

- Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali.

2021-02-20