Toshkentda Mobil Robototexnika bo‘yicha imtihon o‘tkazildi!

30-aprel kuni Toshkent davlat texnika universitetida World Skills standartlariga muvofiq mobil robototexnika bo‘yicha imtihon bo‘lib o‘tdi.
 




Imtihon IT Park tomonidan “Yosh professionallar” ittifoqi (World Skills Russia) hamda “World Skills Uzbekistan” bilan hamkorlikda tashkil etildi. Imtihon jarayonida ishtirokchilar 3 ta modul bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini namoyish etishdi:
- robotning asosiy harakatlari;
- axborot to‘plash tizimining ishlashi;
- ishni tashkil etish hamda boshqarish aspektlari.

Imtihonda Respublikamizning har bir viloyatidan (Toshkentdan tashqari) 13 nafar yosh mutaxassis (IT Markazlarning robototexnika bo‘yicha o‘qituvchilari) ishtirok etishdi. Ularga Skills Passport professional malaka sertifikatlari topshirildi.

Imtihonlar mobil robototexnika bo‘yicha WS mutaxassislari tomonidan baholandi:
- Karaxanov Azamat (IT Park - Mobil robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha menejer ) - bosh ekspert;
- Yusupov Bekmurod (TDTU - Mexatronika va robototexnika kafedrasi o‘qituvchisi) - ekspert;
- Kamolov Nodirjon (TDTU - Mexatronika va robototexnika kafedrasi o‘qituvchisi) - ekspert.

Imtihon Moliya vazirligining 2021-yil 1-yanvardan boshlab World Skills standarti negizida “Ishga Marhamat” monotmarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining professional malakasini sinovdan o‘tkazish, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasportlarini testni muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga berishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tasdiqlangan malakaga ega bitiruvchilarning yagona reyestrini shakllantirish doirasida o‘tkazildi.

“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan berilgan bitiruvchilarning o‘qishni yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjat va Skills-pasport o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomiga tenglashtiriladi.


Natijada, nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qib, World Skills standarti va boshqa xalqaro standartlar darajasidagi kasbiy malaka sertifikatini (Skills-pasport) olgan bitiruvchilarga bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi imtiyozlar beriladi:

- kasb-hunar ta’limi va malaka imtihonini topshirish xarajatlarini qoplanadi;
- tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishga jalb qilish uchun rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratiladi;
- o‘z biznesingizni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishda yo‘llanmalar beriladi.


 




 

   

 

2021-05-03