Toshkentda “Tumaris.Tech Expo” startaplar yirik koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi!

Joriy yilning 17-aprel kuni Toshkentda “Tumaris.Tech Expo” startaplar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Uning doirasida butun Oʻzbekistondan kelgan 40 ta istiqbolli texnoloyihalar namoyish etiladi. Ushbu loyihalar tarkibiga nafaqat “Tumaris.Tech” dasturidagi loyihalar, balki IT Park tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi tashqi loyihalar ham kiradi.

Koʻrgazmada IT Park direktori Farhod Ibragimov, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos, IT Park xalqaro faoliyat boʻyicha direktor oʻrinbosari Bohodir Ayupov, Acting Mission Director USAID Uzbekistan Susan Fine, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, Oʻzbekiston yirik kompaniyalari hamda OAV vakillari, bloggerlar, investorlar, mahalliy tadbirkorlar hamda xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.



 

Koʻrgazma tadbir boshlovchilari – IT Park kreativ direktori Jamila Xaliboyeva va IT Park investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha mutaxassisi Diyora Halilovalarning kirish soʻzlari bilan boshlandi. Shundan soʻng, soʻz Pekos Olegga berildi, u oʻz nutqida Ozbekistonga ayollar orasida IT sohasidagi mutaxassislar va tadbirkorlar yetishmayotgani IT Park hamda Tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish boʻyicha USAID loyihasi hamkorligida tashkil qilingan “Tumaris.Tech” loyihasini amalga oshirish uchun asosiy sabablardan biri boʻlganligini taʼkidlab oʻtdi.

Jamila Xaliboyeva Oʻzbekiston IT sohasiga jalb qilingan ayollar soni atigi 5% ni tashkil qilishini keltirib oʻtdi. Ushbu koʻrsatkichni yaxshilash maqsadida IT Park Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshchiligida hamkorlar koʻmagida asosiy maqsadi ayollarni IT mutaxassisliklarga oʻqitish, shuningdek texnologik biznes loyihalarini  yuzaga chiqarish boʻlgan “Tumaris.Tech”, “TechBika”, “IT Woman Uz” loyihalarini amalga oshirdilar.

Shunindek, tadbir boshlovchilari tomonidan ushbu loyihalarni amalga oshirishda katta koʻmak berayotgan Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining koʻmagi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Koʻrgazmada davomida quyidagi loyihalar namoyish qilindi:

Arzon Apteka

- Telegram bot, ilova, veb sayt va onlayn liniya orqali turli platformalarda dorilarni qidirish boʻyicha onlayn xizmat.

2work

- Toʻsatdan paydo boʻlgan maishiy va biznes xizmatlarini hal qilish uchun platforma.

DIS-COUNT

- Hamkorlarning oʻz mijozlari bilan oʻzaro aloqa qilishi uchun mijozlarga sodiqlikning mobil ilovasi.

DataSite Technology

- Kompaniyaning asosiy faoliyati: har qanday murakkablikdagi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, texnik qoʻllab-quvvatlash, autsorsing va konsalting.

Payme

- Tovarlarni, xizmatlarni toʻlash va pul oʻtkazmalari uchun xizmat imkoniyatlaridan qulay va xavfsiz foydalanishga imkon beruvchi zamonaviy toʻlov vositasi.

Billz

- Toshkent shahridagi doʻkonlar, tovarlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish va savdoni avtomatlashtirish dasturi.

WEBCLASS

- Chet tillarni onlayn oʻrganish boʻyicha loyiha.

CarWon

- Aqlli, xavfsiz avtomobil qoʻriqlash tizimi. Ilovadan foydalanib, siz mashinangizni istalgan masofadan boshqarishingiz mumkin.

Locker Post

- joʻnatma va banderollar yuborish va qabul qilish uchun bulutli xizmat, mobil dastur va pochta terminallari tarmogʻi.

Zarplata.uz

- Ish haqi va mehnat bozori toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan 24/7 taʼminlaydigan onlayn platforma.

- Va boshqa koʻplab loyihalar.

Qolaversa, tadbir doirasida “Tumaris.Tech” loyihasi akseleratsiya dasturi ishtirokchilari uchun Demo Day tashkil qilindi. Akseleratsiya dasturida taʼlim olgan 18 loyihadan 10 tasi Demo Dayʼda ishtirok etdi. Loyihalarni quyidagi hakamlar baholab bordilar:

– IT Park kreativ direktori Jamila Xoliboyeva;

– Toshkent moliya universitetining Biznes va tadbirkorlik, makroekonomika boʻyicha oʻqituvchisi, OTM qoshidagi inkubatsiya markazi direktori Nargiza Qosimova;

– Operatsiyalar boʻyicha menejer, “DGP Research and Consulting” kompaniyasi tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Saodat Tursunboyeva;

– “Stringflix, GDG Tashkent Lead muhandis-dasturchisi Sardor Islomov;

– “Startap tashabbuslari” loyihasi koordinatori Usmon Rahimjonov.


Hakamlar bahosiga koʻra quyidagilar Demo Dayʼning eng yaxshi 3 loyihasiga aylandi:

1 – МаthWorld

- Matematikani oʻrganish boʻyicha onlayn platforma.

2 - English Platform

- Ingliz tilini oʻrganish va videokurslar orqali ingliz tili boʻyicha imtihonlarga tayyorlanishga moʻljallangan onlayn platforma.

3 – YourChance

- Grant va amaliyotlar haqida maʼlumotlar beruvchi hamda yoshlarning individual rivojlanishiga qaratilgan onlayn va oflayn tadbirlar oʻtkazuvchi platforma.

Bundan tashqari, koʻrgazmada “Smartgov Consulting” konsalting byurosi ijrochi direktori, blogger va jamoat arbobi Aziza Umarova va “Latmedia” kompaniyasi hamasoschisi va eks-direktori, “TEHNIKUM” aktual kasblar maktabi va boshqa koʻplab internet loyihalari asoschisi Dmitriy Seredin singari tajribali spikerlar startap va tadbirkorlik boʻyicha oʻz tajribalari bilan boʻlishdilar. Ular tinglovchilarga bugungi kunda qanday loyihalar eng talabgir ekanligi, startap gʻoyalarni amalga oshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi, nimani toʻgʻri yoki notoʻgʻri qilayotganligingni qanday bilish mumkinligi va boshqa narsalar haqida soʻzlab berdilar.

“Tumaris.Tech Expo” koʻrgazmasi “Tumaris.Tech” loyihasi va, umuman, IT Park butun faoliyati davomida amalga oshirgan ishlarning natijasiga aylandi. “Tumaris.Tech” loyihasi bu bilan tugab qolmaydi. Loyiha Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida toʻxtovsiz ravishda kengayib, rivojlanib va oʻz pozitsiyasini yaxshilar boradi.


2021-04-19