Toshkentdagi Investment Club Show: O‘zbekiston startaplari uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda

1-2 fevral kunlari Toshkentda xalqaro boshqaruv forumi doirasida “Investment Club Show” tadbiri bo‘lib o‘tdi. 11 ta mamlakatdan kelgan 100 dan ortiq venchur kapital bozori ishtirokchilari investitsiya istiqbollarini muhokama qilish uchun to‘planishdi. Tadbir MDH investorlari va biznes farishtalari klubi tomonidan tashkil etildi. IT Park O‘zbekistonning 15 dan ortiq startap loyihalari bilan birgalikda ushbu tadbirda ishtirok etdi.

2-fevral kuni IT Park’ga 30 dan ortiq IT-kompaniyalar vakillari va investorlar, jumladan, “TMT INVESTMENTS”, “MTS StartUp Hub”, “Skolkovo.Ventures”, “GOOD LINE” va boshqa kompaniyalar vakillari tashrif buyurishdi. Uchrashuv doirasida investorlar uchun IT Park hududida startaplar va venchur ekotizimini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar taqdimoti tashkil etildi. Mehmonlar mamlakatda IT va BPO-kompaniyalari uchun yaratilgan infratuzilma, qo‘llab-quvvatlash dasturlari va imtiyozlar bilan tanishdilar.

“Sug‘urta Bozor”, “Beautify”, “Tahrirchi”, “AirCaravan”, “PivorAd” kabi istiqbolli startap loyihalari, IT Park rezidentlarining chiqishlari tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda venchur kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma rejalar va loyihalar muhokama qilindi. Qo‘shma tadbirlar va ta’lim dasturlarini muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, 2024-yil uchun mo‘ljallangan qo‘shma venchur investitsiyalari bo‘yicha batafsil rejalar ishlab chiqildi.

2024-02-07