2022-yilning 11-oktabr kuni VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi rahbarlari tashkilot faoliyati va O‘zbekiston Respublikasi aholisi orasida IT-sohasini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida Toshkent shahridagi “IT Park Uzbekistan” majmuasiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos mehmonlarni hukumatning AKT sohasini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish, xususan, zarur infratuzilmani joriy etish hamda yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida IT-ta’limni rivojlantirish boʻyicha rejalari bilan tanishtirdi.
IT Park direktori Farhod Ibragimov, oʻz oʻrnida, aholi o‘rtasida raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, mahalliy IT-kompaniyalar va IT-mahsulotlarni boshlangʻich bosqichdan bozorga olib chiqishgacha boʻlgan jarayonni qo‘llab-quvvatlovchi va ularga hamrohlik qiluvchi IT-klasterlarni yaratish, O‘zbekistonda IT-xizmatlari eksportini oshirish maqsadida BPO sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida soʻz yuritdi.
Mehmonlar hukumat tomonidan raqamli transformatsiya strategiyasi doirasida mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning barqarorligi ta’kidladi. Bundan tashqari, delegatsiya kompaniya sho‘ba korxonasi – “Beeline Uzbekistan”ni rivojlantirish va kengaytirishga sarmoya kiritish rejalarini tasdiqladi. IT-Parkda operatorning 2019-yilda rezident bo‘lgan “BeeLab” raqamli bo‘limi va kompaniyalar guruhining xalqaro IT-guruhlari ham faoliyat olib boradi. 2023-yil oxirigacha VEON BeeLab mutaxassislari sonini deyarli ikki barobarga, ya’ni 130 dan 250 dan ortiq kishiga oshirishni va sohada iqtidorli kadrlar zaxirasini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, mehmonlarga yaqinda majmuada qurib bitkazilgab “Aloqabank” va “O‘ztelekom”ning yangi ofislari boʻylab sayohat uyushtirildi. 2024-yilga kelib majmuada konferens-zallga ega 17 ta bino, IT akademiyasi, IT universiteti, sport majmuasi, kovorking markazlari, IT - rezidentsiyalar, mehmonxona va ofis maydoni qad koʻtaradi.
Eslatib o‘tamiz, VEON (Niderlandiya) jahonning 7 ta davlatida 220 milliondan ortiq abonentga ega bo‘lgan telekommunikatsiya va internet xizmatlarining global provayderi boʻlib, “Beeline Uzbekistan” uning bir qismi hisoblanadi.
2022-10-12